Mubashshir Ahmad ozodlikka chiqishi mumkin

Mubashshir Axmad ozodlikka chiqishi mumkin
Diniy arbob Mubashshir Axmadning (Alisher Tursunovning) himoyasi kassatsiya shikoyatini koʻrib chiqish davomida uning ozod etilishiga erishishdan umidvor. Advokatlar sudga qoʻshimcha hujjatlarni topshirishdi va ularning dalillari ayblov hukmini bekor qilish uchun asos boʻladi deb hisoblashmoqda.
Advokat Abdulloh Sodiqning xabar berishicha, shikoyatga himoya tarafining fikricha, Tursunovni oqlash uchun asos boʻlishi mumkin boʻlgan hujjatlar ilova qilingan. Ushbu materiallarning bir qismi birinchi instantsiya sudidagi muhokamalar davomida allaqachon taqdim etilgan edi. Endi advokatlar sud qoʻshimcha hujjatlarni inobatga olgan holda ularni qayta baholaydi deb umid qilishmoqda.
Himoya tarafining fikricha, Mubashshir Axmadning harakatlarida milliy va diniy adovatni qoʻzgʻatish niyati boʻlmagan. Advokatlar, shuningdek, u oʻz chiqishlarini Turkiyada boʻlgan vaqtida yozib olganini va Oʻzbekistonda bunday kontentni tarqatish uchun alohida ruxsatnoma zarurligi haqida bilmaganini taʼkidlashmoqda.
Kassatsiya shikoyatini Shayxontohur tuman sudi koʻrib chiqmoqda. Agar u toʻliq qanoatlantirilsa, advokatlar Tursunov bevosita sud zalida ozod etilishidan umid qilishmoqda. Yakuniy qaror hali chiqarilgani yoʻq.
Eslatib oʻtamiz, 2025 yil 8 mayda Alisher Tursunov Stambulda qoʻlga olingan, 10 mayda esa Oʻzbekistonga olib kelingan edi. Oʻsha yilning avgust oyida Toshkent shahri Uchtepa tuman sudida jinoyat ishini koʻrib chiqish boshlandi.
2025 yil 8 oktyabrda sud Tursunovni 156-modda ("Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatish"), 244-1-modda ("Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish") va 244-3-modda ("Diniy mazmundagi materiallarni noqonuniy tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish") boʻyicha aybdor deb topdi. Unga jazoni umumiy tartibli koloniyada oʻtash bilan ikki yilu olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Prokuror avvalroq yetti yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini soʻragan edi.
2026 yil fevral oyida Tursunov Navoiy viloyatidagi koloniyadan Toshkentdagi ixtisoslashtirilgan davolash koloniyasiga oʻtkazildi. Bu diabetning ogʻir shakli tufayli tibbiy koʻrikdan oʻtish va davolanish zarurati bilan bogʻliq edi.

