Qonunni mensimagan haydovchi ikki yilga ozodlikdan mahrum etildi
Sudda Sh.R. o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. O‘zining sudda bildirishicha, o‘shanda turmush o‘rtog‘i tuman markazidagi

**Qonunni mensimagan haydovchi ikki yilga ozodlikdan mahrum etildi**
Buxoroda transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilganiga qaramay, bir necha bor qonunni buzgan haydovchi sud qarori bilan ikki yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat sudi axborot xizmati rahbari Feruz Sharopov ma’lum qildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 29 yoshli Sh.R. 2025-yilda jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi qarori bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir qator moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. O‘shanda unga ikki yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish va 9 million 375 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan edi. Biroq, bu jazo unga yetarli saboq bo‘lmagan.
Ko‘p o‘tmay, Sh.R. yana huquqbuzarlik sodir etib, avtomobil boshqargan. Bu safar ham transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilganiga qaramay, rulga o‘tirgan. YHHB xodimlari tomonidan aniqlangan ushbu holat yuzasidan unga yana ma’muriy chora qo‘llanilib, 18 million 750 ming so‘m miqdorida jarima tayinlangan. Unga yana rulga o‘tirish avvalgi ma’muriy jazolardan keyin jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligi tushuntirilgan.
Qonun-qoidalarni mensimay, o‘z bilganidan qolmagan Sh.R. yana bir bor rulga o‘tirgan. Joriy yilning mart oyida G‘ijduvon tumani, «Degrezon» mahallasi hududidan o‘tuvchi ichki avtomobil yo‘lida o‘ziga tegishli bo‘lgan avtomashinasini boshqarib harakatlangan. Bu gal esa uning uchun oddiy masaladek tuyulgan harakati jarima bilan tugamagan.
Sudda Sh.R. o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Uning sudda bildirishicha, o‘shanda turmush o‘rtog‘i tuman markazidagi kasalxonada bo‘lgan. Undan xabar olish uchun shoshilinch ravishda kasalxonaga borish zarurati tug‘ilgan va shu sababli avtomashina boshqarish huquqidan mahrum qilingan bo‘lishiga qaramay, uni boshqargan.
— Biroq, qonun nuqtayi-nazaridan, shaxsiy sabab yoki shoshilinch zarurat sifatida ko‘rsatilgan holat transport boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning yana rulga o‘tirishini qonuniy qilib qo‘ymaydi,—dedi sud raisi Farhod Ergashev.
Natijada Sh.R.ning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 261²-moddasi (Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarishi) bilan aybdor deb topilgan va ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
— Shuningdek, u uch yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan ham mahrum qilindi. Jazoni manzil-tartibli koloniyada o‘tashi belgilandi. Va u to‘g‘ridan-to‘g‘ri sud zalidan qamoqqa olindi,—dedi sud raisi.

