Dunyo

Moldovada yonilgʻi narxi tufayli favqulodda holat eʼlon qilinadi

Moldovada yonilgʻi narxlari sabab favqulodda holat eʼlon qilinadi

Moldova Milliy xavfsizlik kengashi energiya resurslari hamda yonilg‘i narxlarining oshishi ortidan energetika va gidrologiya sohalarida favqulodda holat joriy etishni zarur deb topdi.

21-sentyabr kuni mamlakatda Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Shundan keyin Moldova prezidenti Mayya Sandu favqulodda holat joriy etish kerakligini bildirdi. Qaror loyihasi avval hukumat tomonidan qabul qilinadi, so‘ng 22-sentyabr kuni parlamentda ko‘rib chiqiladi.

Prezidentning aytishicha, hukumat bir nechta inqirozli ssenariylar bo‘yicha harakat rejalarini tayyorlaydi.

“Hukumat eng kutilmagan vaziyatlarda: zudlik bilan yonilg‘i sotib olish to‘g‘risida qaror qabul qilish kerak bo‘lsa, Dnestrda suv sathi pasayishda davom etsa, yonilg‘i narxi o‘sishda davom etsa, tezkorlik bilan harakat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak”, dedi Mayya Sandu.

Gaz va neft mahsulotlari zaxiralariga alohida e’tibor qaratiladi. Qaror xalqaro bozorlardagi murakkab vaziyat fonida qabul qilingan. Mayya Sanduning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa birjasida gaz narxi megavatt soatiga 83 yevrodan oshgan, dizel yonilg‘isi narxi esa tonnasi uchun 1 500 dollarga yetgan. Narxlarning oshishi elektr energiyasi narxining keskin ko‘tarilishiga olib kelib, aholi uchun qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Shu bilan birga, Dnestrda vaziyat og‘irligicha qolmoqda. 1–20-sentyabr kunlari Novodnestrovsk suv omboriga kirib kelayotgan suv oqimi o‘rtacha soniyasiga 100–120 kubometr o‘rniga atigi 23 kubometrni tashkil etdi.

Mayya Sandu energiya narxlari oshishining aholiga ta’sirini kamaytirish uchun kompensatsiyalar berilishi va hukumat buning uchun zarur mablag‘larni ajratishini ma’lum qildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.