Dunyo

Ruminiya AES faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi

**Ruminiya atom elektr stansiyasi faoliyatini to‘xtatdi**

Ruminiya Dunay daryosida suv sathi rekord darajada pasaygani sababli mamlakatdagi yagona “Chernavode” atom elektr stansiyasining so‘nggi ishlayotgan energiya blokini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Stansiyaning ikkita reaktori Ruminiyaning umumiy elektr energiyasi ishlab chiqarishining qariyb 20 foizini ta’minlaydi. Ulardan biri iyul oyining oxirida, ikkinchisi esa 13-avgust kuni Dunay daryosidagi suv sathi sezilarli va davom etayotgan pasayishi tufayli to‘xtatildi. Yaqin o‘n kun ichida uning faoliyatini qayta tiklash rejalashtirilmagan.

Elektr energiyasi taqchilligi fonida Ruminiya avgust oyi davomida energetika sohasida favqulodda holat e’lon qilgan edi. Aholi va kompaniyalardan elektr energiyasi iste’molini tig‘iz vaqtlarda kamaytirish so‘ralgan. Yo‘qotilgan quvvatlarni qoplash maqsadida hukumat 330 MVt quvvatga ega qo‘ng‘ir ko‘mir elektr stansiyasini ishga tushirgan. Shuningdek, shamol va gidroelektr stansiyalaridan qo‘shimcha energiya ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Avvalroq rasmiylar energiya tizimiga tushadigan yuklamani kamaytirish uchun Dacia va Ford avtomobil zavodlari 19-avgustgacha faoliyatini to‘xtatishini ma’lum qilgan edi. “Chernavode” AESning to‘xtashi qo‘shni Moldova uchun ham muammolar tug‘dirmoqda. Moldova Ruminiyadan elektr energiyasi import qiladi va bu import uning taqchilligining 60 foizini qoplaydi. Endi Kishinyov Ukrainadan import hajmini oshirishi yoki G‘arb davlatlaridan qimmatroq elektr energiyasini sotib olishi kerak bo‘ladi. Yana bir ehtimoliy variant rejali elektr uzilishlaridir.

"O‘ylaymanki, vaziyatning yomonlashishiga, jumladan, elektr energiyasidagi uzilishlarga tayyor turishimiz kerak. Garchi hozir aniq bir narsa deyish qiyin bo‘lsa-da", dedi moldovalik energetika mutaxassisi Serjyo Tofilat.

Inqirozga uzoq davom etgan qurg‘oqchilik sabab bo‘lgan. Kopernik Yevropa iqlim xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Dunayning deyarli uchdan ikki qismida iyul oyida suv sarfi 34 yillik kuzatuvlar tarixidagi eng past darajaga tushgan. Suv sathining pasayishi 2850 kilometr uzunlikdagi daryoda kema qatnovini ham qiyinlashtirgan.

Avvalroq Ruminiya AESga suv yetkazish uchun to‘rtta kemani cho‘ktirgan edi. Dunay daryosida suv sathi pasaygach, qariyb 1700 yillik Rim ko‘prigi qoldiqlari ko‘ringan. Shuningdek, Germaniya harbiy kemasining qoldiqlari ham suv yuzasiga chiqqan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.