Mirziyoyev Buxorodagi turizm markazi qurilishi bilan tanishdi
Buxoroda 105 million dollar investitsiya bilan 50 gektar maydonda turizm markazi qurilmoqda. Loyihada mehmonxonalar, mehmon uylari va madaniyat obʼyektlari nazarda tutilgan.

Mirziyoyev Buxorodagi turizm markazi qurilishi bilan tanishdi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoroda turizm infratuzilmasini rivojlantirish hamda yirik xalqaro madaniy va ishbilarmonlik tadbirlarini oʻtkazishga moʻljallangan yangi turistik markaz qurilishi jarayoni bilan tanishdi.
Markaz 50 gektar maydonda barpo etilmoqda. Loyihaga kiritilayotgan investitsiyalarning umumiy hajmi 105 mln dollarga baholanmoqda.
Loyihaga koʻra, bu yerda qabullar uyi, koʻrgazmalar zali, muzey, ikkita zamonaviy mehmonxona, 80 ta oilaviy mehmon uyi va 2 ming oʻrinli amfiteatr qad rostlaydi. Bundan tashqari, 70 dan ortiq savdo va xizmat koʻrsatish obʼyektlari, sayr hududlari, hunarmandchilik markazlari hamda sunʼiy koʻl tashkil etilishi koʻzda tutilgan.
Majmuaning meʼmoriy qiyofasida Buxoro meʼmorchiligi anʼanalari va zamonaviy yechimlar uygʻunlashadi.
Hozirgi vaqtda 10 gektar maydonda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari yotqizilmoqda. Ishlarga 50 ga yaqin maxsus texnika jalb etilgan.
Prognozlarga koʻra, markaz toʻliq foydalanishga topshirilgach, 2 mingta ish oʻrni yaratiladi, Buxoroga keluvchi sayyohlar oqimi esa 2 mln kishiga koʻpayadi. Mahalliy byudjetga yillik tushumlar 288 mlrd soʻmga yetishi kutilmoqda.
Obidʼyektni koʻzdan kechirish chogʻida Mirziyoyev bu loyiha nafaqat infratuzilmani kengaytirishi, balki Buxoroning tarixiy va madaniy merosini munosib namoyish etishni taʼminlashi kerakligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, majmuani rivojlantirish turizm hisobidan ish oʻrinlari yaratish va mahalliy aholi daromadlarining oʻsishiga xizmat qilishi lozim. Masʼul shaxslarga loyihani ushbu vazifalarni inobatga olgan holda amalga oshirish topshirildi.
Davlat rahbari, shuningdek, Buxoro infratuzilmasini 2027 yilga moʻljallangan sammitlarga tayyorlash boʻyicha hisobotlarni tingladi va tegishli topshiriqlar berdi.

