Saida Mirziyoyeva Buxorodagi yirik loyihalar natijalari bilan tanishdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Buxoro viloyatiga tashrifi davomida may oyida belgilangan vazifalar ijrosi va amalga oshirilayotgan loyihalar natijalari bilan tanishdi. Shuningdek, hududda turizmni rivojlantirish va yiliga 10 million sayyohni jalb qilishga qaratilgan yangi loyihalar muhokama qilindi.

Saida Mirziyoyeva Buxoro viloyatida amalga oshirilgan yirik loyihalar natijalari bilan tanishdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Jo‘yzar kanalining 9 kilometrlik qismi betonlashtirilib, yana 10 kilometrida ishlar davom etmoqda. Ushbu loyiha natijasida har yili 12 million kub metr suvni tejash imkoniyati yaratiladi. Shu hududda baliqchilik xo‘jaligi ham faoliyat boshlagan.
Shayxoncha mahallasida esa 240 o‘rinli zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi qurib bitkazildi.
Tashrif davomida Buxoroning turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan bir qator yangi tashabbuslar muhokama qilindi. Xususan, Afshona majmuasi, etno-uylar tashkil etish, Jo‘yi Muliyon kanalini qayta tiklash, yangi aeroport yaqinida mehmonxonalar qurish va turizm klasterlarini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Saida Mirziyoyeva ta’kidlashicha, "Asosiy maqsad yiliga 10 million sayyohni jalb qilib, Buxoroni shunchaki tranzit hudud emas, balki to‘laqonli sayohat maskaniga aylantirishdir".
Tashrif yakunida Buxoroi sharifning Yetti pir qadamjolari ziyorat qilindi.

