Mahalliy

Shavkat Mirziyoyev Buxorodagi Kongress-xoll majmuasini ko‘zdan kechirdi

Qiymati 60 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida 14,5 ming kvadrat metr maydonli bino qurilmoqda. Hozirda

Shavkat Mirziyoyev Buxorodagi Kongress-xoll majmuasini ko‘zdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrida barpo etilayotgan Kongress-xoll majmuasi hamda zamonaviy mehmonxonalar qurilishi bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonga kelayotgan xorijiy sayyohlar soni barqaror ravishda ortib bormoqda. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 2016-yilga nisbatan qariyb olti barobar ko‘paydi, turizm xizmatlari eksporti esa o‘n bir karra oshdi. Shu bilan birga, mamlakatda yirik xalqaro tadbirlarni o‘tkazish uchun zamonaviy infratuzilmaga ehtiyoj ham tobora kuchaymoqda.

Mazkur majmua shaharning ana shunday tadbirlarga mezbonlik qilish imkoniyatlarini kengaytiradi. Kongress-xoll forumlar, oliy darajadagi uchrashuvlar va boshqa yirik anjumanlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan.

Qiymati 60 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida 14,5 ming kvadrat metr maydonga ega bino qurilmoqda. Ayni paytda asosiy betonlash ishlari yakunlangan, tashqi muhandislik tarmoqlarini tortish, fasad va tom qismlarini barpo etish ishlari davom etmoqda.

Shu hududda 37 million dollarlik “Hilton Garden Inn” mehmonxonasi ham qurilmoqda. Yetti qavatli, 212 xonali ushbu mehmonxonada yer osti avtoturargohi ham nazarda tutilgan. Binoning asosiy konstruksiyalari bitkazilgan, hozir ichki devorlar, muhandislik tarmoqlari va fasad ishlari olib borilmoqda.

Yana bir loyiha — 39,6 million dollarlik “Holiday Inn” mehmonxonasi. Bu bino ham yetti qavatli, 212 xonali bo‘ladi, uning yonida ikki qavatli biznes markazi ham qurilmoqda. Mehmonxonada tom montaji va ichki devorlar qurilishi, biznes markazi yerto‘lasida esa betonlashning yakuniy bosqichi amalga oshirilmoqda.

Davlat rahbari obyektlardagi ishlar bilan tanishib, ularning Buxoroda xalqaro tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish, turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish uchun muhimligini, bu esa aholi daromadlarini oshirish va hudud iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda, sifat talablariga qat’iy rioya qilgan holda yakunlash yuzasidan topshiriqlar berildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.