Mahalliy

Shavkat Mirziyoyev Samarqandga bordi

Prezident transport infratuzilmasi va shaharsozlik loyihalari bilan tanishadi. Dushanba kuni esa u Amerika – Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi yigʻilishida ishtirok etadi.

Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrif buyurdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yakshanba kuni Samarqand viloyatiga bordi.

Odatiy tartibda davlat rahbari avval Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qildi. Qurʼon oyatlari tilovat qilinib, duolar qilindi.

Tashrif davomida davlat rahbariga majmuadan samarali foydalanish, uning turistik salohiyatini yanada oshirish, Imom Buxoriyning boy ilmiy merosini asrab-avaylash, oʻrganish va dunyoga targʻib etish orqali islom maʼrifati hamda ziyorat turizmini rivojlantirish yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosi haqida maʼlumot berildi.

Mamlakat yetakchisi bu ishlarni izchil davom ettirish zarurligini taʼkidladi. ­

– Bu ulugʻ zot bizga butun ilmlarini, bilimlarini meros qilib qoldirganlar. Biz shu ilmlarni davom ettirsak, hech qachon kam boʻlmaymiz.

Men oʻzim ham har safar ulugʻ bobomizni ziyorat qilganimda, xalqimiz hayotiga baraka bersin, biri ikki boʻlsin deb duo qilaman.

Biz ulugʻlarimiz merosini asrash va targʻib qilish yoʻlida hali koʻp ishlar qilamiz. Butun dunyodan odamlar Oʻzbekistonga kelib, Islom sivilizatsiyasi markazini, Imom Buxoriy majmuasini koʻrishi, ziyorat qilishi uchun sharoit yaratamiz,

– dedi davlatimiz rahbari.

Prezident tashabbusi bilan yangidan bunyod etilgan majmua islom olamining muqaddas qadamjolaridan biri sifatida doim mahalliy va xorijlik ziyoratchilar bilan gavjum. Kompleks ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat koʻrsatgan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich 65 mingdan ortiqni tashkil etadi.

Majmua tarkibidagi 10 ming kishilik masjid, ulkan maqbara, har birining balandligi 75 metr boʻlgan toʻrt minora, moviy gumbazlar inshootga oʻziga xos ulugʻvorlik bagʻishlab turibdi. Ilgʻor axborot texnologiyalari asosida tashkil etilgan innovatsion muzeyda muqaddas dinimiz tarixi, paygʻambarlar hayoti, Imom Buxoriyning muhaddislik faoliyati keng yoritilgan, noyob eksponatlar namoyish etilmoqda.

Hozirgi paytda majmuada ziyoratchilar uchun har tomonlama qulay sharoit, xalqaro standartlarga mos servis yoʻlga qoʻyilgan. Ziyoratgoh hududida 20 dan ortiq zamonaviy mehmonxonalar faoliyat yuritmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.