Mahalliy

Buxoroda zamonaviy gastronomik markaz barpo etiladi

Saida Mirziyoyeva Buxoro viloyatiga tashrifi davomida hududda turizm infratuzilmasini rivojlantirish va mehmonlar uchun zamonaviy sharoitlar

Buxoroda yangi, zamonaviy gastronomik markaz quriladi.

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida hududda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlik salohiyatini oshirish va mehmonlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga qaratilgan loyihalar bilan tanishdi.

Shu doirada Buxoro shahrida Toshkentdagi mashhur Chorsu bozori va Chig‘atoy mavzesi muhitiga mos, milliy taomlar va gastronomik an’analarni o‘zida mujassam etgan zamonaviy majmua barpo etish rejalashtirilgan.

Bir gektar maydonni egallaydigan ushbu yirik gastronomik markaz investitsiya mablag‘lari hisobidan quriladi. Loyiha Buxoroning turizm jozibadorligini oshirish, mahalliy aholi va mehmonlar uchun sifatli dam olish hamda milliy taomlardan bahramand bo‘lish imkoniyatini yaratishga xizmat qiladi.

Yangi majmuada Buxoro vohasining eng sara va mashhur milliy taomlari bir joyga jamlanadi. Tashrif buyuruvchilar afsonaviy G‘ijduvon shashligi, xushta’m Olot somsasi, an’anaviy "Oshi sofi" palovi, shuningdek, yaxna, halisa, gumma va barak kabi milliy pazandalik namunalaridan bahramand bo‘lishlari mumkin.

Loyihaning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati ham yuqori. Majmuada 50–60 nafar tadbirkorning o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun sharoit yaratiladi. Natijada qariyb 200 ta yangi ish o‘rni tashkil etilishi kutilmoqda. Zamonaviy infratuzilma bilan jihozlanadigan gastronomik markaz kuniga 3–5 ming nafargacha mehmonga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.

Mazkur loyiha Buxoroning boy pazandalik merosini sayyohlarga keng namoyon etish, milliy taomlarning o‘ziga xos brendini shakllantirish va shaharning turizm salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.