«Milliy filmlarimiz tomoshabin talabiga javob beryaptimi? Afsuski, yo‘q!» – Prezident
Davlat rahbari «O‘zbekfilm» kinostudiyasi milliy kino tariximiz, bir necha avlod ijodkorlarining mehnati va xalqimizning orzu-intilishlarini

«Milliy filmlarimiz tomoshabin talabiga javob beryaptimi? Afsuski, yo‘q!» – Prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-oktyabr kuni «O‘zbekfilm» kinostudiyasida kinoijodkorlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Unda milliy kinematografiyaning bugungi ahvoli, sohada amalga oshirilgan islohotlar hamda mavjud muammolar muhokama qilinmoqda.
Davlat rahbari «O‘zbekfilm» kinostudiyasi milliy kino tariximiz, bir necha avlod ijodkorlarining mehnati va xalqimizning orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etgan maskan ekanini ta’kidladi.
«Mahallada duv-duv gap», «O‘tgan kunlar», «Shum bola», «Chinor ostidagi duel», «Suyunchi» kabi filmlar xalq xotirasida alohida o‘rin tutishi qayd etildi.
Prezident so‘nggi o‘n yilda «O‘zbekfilm» kinostudiyasi to‘liq rekonstruksiya qilingani, sohani rivojlantirishga qaratilgan ikkita farmon va sakkizta qaror qabul qilinganini ma’lum qildi.
2016-yilda filmlar ishlab chiqarish uchun davlat budjetidan 10 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2026 yilda bu ko‘rsatkich 218 milliard so‘mga yetgan.
Shuningdek, so‘nggi yillarda «Islomxo‘ja», «Ibrat», «Avloniy», «Abdulla Qodiriy», «Qo‘qon shamoli», «Muqimiy», «Ilhaq», «O‘zbek qizi» va «Bahodir Yalangto‘sh» kabi tarixiy filmlar yaratilgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda milliy kino san’atidagi muammolarga ham e’tibor qaratildi. Xususan, Prezident ijtimoiy tarmoqlar rivojlangani sababli odamlar kinoteatrlarga bormay qo‘ygani haqidagi qarashlarga munosabat bildirdi.
«Demak, tomoshabin kinodan, kinoteatrlarga borishdan voz kechgani yo‘q, faqat uning didi va talabi o‘zgardi. Milliy filmlarimiz ana shu talabga javob beryaptimi? Afsuski, yo‘q!» – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, buning asosiy sabablaridan biri filmlarni ishlab chiqarishdan tortib, ularni tomoshabinga yetkazishgacha bo‘lgan yaxlit tizim – distributsiya shakllanmaganidir.
Prezident milliy kino san’atini yangi bosqichga olib chiqish uchun hali ko‘p ishlarni amalga oshirish zarurligini qayd etdi.

