“O‘zbekfilm”ning 1 mlrd so‘mdan ortiq soliq qarzi to‘liq qoplandi

“O‘zbekfilm”ning 1 milliard so‘mdan ziyod soliq qarzi to‘liq bartaraf etildi. Bu haqda Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari – Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, kimoshdi savdosiga qo‘yilishi kutilayotgan 12 ta avtomobil ham kinostudiya tasarrufiga qaytarilgan. Endilikda xodimlarning yig‘ilib qolgan 3 milliard so‘mdan ortiq ish haqi qarzdorligini qoplash rejalashtirilmoqda.
Ahmedovning ta’kidlashicha, “O‘zbekfilm” zimmasidagi 22 million yevrolik kredit majburiyati eng dolzarb muammo hisoblanadi. Kinostudiyani 10 gektarlik yer maydoni bilan birga garovdan ozod qilish va kredit majburiyatini hal etish bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda ish olib borilayotgani bildirildi.
Avgust oyi oxirida Jahongir Ahmedov o‘zbek kinosining qariyb bir asrlik tarixida muhim o‘rin tutadigan “O‘zbekfilm” kinostudiyasi hozirda jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotganini ma’lum qilgan edi.
Qo‘shimcha qilinishicha, kinostudiya bir yilda kamida 60 milliard so‘mlik buyurtma bajarmasa, o‘zini saqlab qola olmaydi. Ya’ni, u amalda davlat buyurtmasiga qaram bo‘lib qolgani ta’kidlangan.

