Merilin Monro obrazidagi Barbi qo‘g‘irchog‘i ishlab chiqarildi

Merilin Monro qiyofasidagi Barbi qo‘g‘irchog‘i yaratildi
Mattel kompaniyasi taniqli aktrisa Merilin Monro timsolidagi yangi Barbi qo‘g‘irchog‘ini jamoatchilikka taqdim etdi. Ushbu qo‘g‘irchoq 18-avgustdan boshlab xaridorlarga sotila boshladi.
Qo‘g‘irchoq Monro ijrosidagi eng mashhur rollardan biri – 1953-yilda suratga olingan “Jentlmenlar sarg‘ishlarni afzal ko‘radilar” filmidagi obrazini aks ettiradi. Filmning bir sahnasida aktrisa “Diamonds Are a Girl’s Best Friend” qo‘shig‘ini yorqin pushti rangli, katta bantli ko‘ylak va uzun opera qo‘lqoplarida kuylagan edi.
Yangi Barbi qo‘g‘irchog‘ining narxi 81 dollarni tashkil etadi.
Mattel kompaniyasi 1990-yillardan buyon Merilin Monro obrazidagi qo‘g‘irchoqlarni ishlab chiqarib keladi. 1997-yilda kompaniya aktrisaning mashhur obrazlariga bag‘ishlangan uchta Barbi modelini taqdim etgan. Ular “Jentlmenlar sarg‘ishlarni afzal ko‘radilar” filmidagi pushti va qizil liboslar, shuningdek, “The Seven Year Itch” filmidagi oq ko‘ylakdan ilhomlanib yaratilgan.
2002-yilda Mattel Monro AQSh prezidenti Jon Kennedining tug‘ilgan kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda “Happy Birthday, Mr. President” qo‘shig‘ini ijro etgan paytdagi obrazini aks ettiruvchi Barbi qo‘g‘irchog‘ini yaratgan.
2009-yilda esa aktrisaning “Jentlmenlar sarg‘ishlarni afzal ko‘radilar” filmidagi yana bir qiyofasi – bu safar oltin rangli ko‘ylakdagi obrazi asosida Barbi qo‘g‘irchog‘i ishlab chiqarilgan.

