Jonni Depp “Karib dengizi qaroqchilari 6” filmida ishtirok etishi mumkin

Jonni Depp "Karib dengizi qaroqchilari 6" filmida ishtirok etishi ehtimoli bor
Deadline nashri tasdiqlashicha, Jonni Depp "Karib dengizi qaroqchilari" franshizasining yangi filmida haqiqatan ham rol ijro etishi mumkin. Bu ma'lumotni prodyuser Jerri Brukhaymer D23 tadbirida jurnalistlarga oshkor qildi. Uning so'zlariga ko'ra, hozirda aktyor bilan muzokaralar olib borilmoqda, shu bilan birga film ssenariysi ustida ham ish ketmoqda. Prodyuser loyihaning amalga oshishiga umid bildirdi.
Biroq, yangi film faqat kapitan Jek Chittak haqidagi navbatdagi hikoya bo'lmaydi. Manbalarga ko'ra, yangi qismda asosiy e'tibor Margo Robbi ijro etadigan boshqa qahramonga qaratiladi. Jek Chittak esa ikkinchi darajali personaj sifatida paydo bo'ladi.
Avvalroq Margo Robbi qahramoniga bag'ishlangan spin-off bekor qilingani haqida xabarlar tarqalgan edi. Shuningdek, Orlando Blum ham yangi filmda ishtirok etishi mumkin. Aktyor original trilogiyaning asosiy qahramonlari qaytishini qo'llab-quvvatlagan.
Eslatib o'tamiz, franshizaning so'nggi filmi – "Murdalar ertak aytmaydi" franshizadagi eng kam daromad keltirgan film bo'lgan. U jahon prokatida 795,9 million dollar ishlab topgan. Shunga qaramay, franshizaning besh filmi umumiy hisobda Disney'ga 4,5 milliard dollardan ortiq daromad keltirgan.

