Maxsus komissiya tomonidan havo sifatini yaxshilash maqsadida tegishli ko‘rsatmalar berildi
Atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda. Xususan, 30-oktyabrdan 31-oktyabrga o‘tar kechasi Toshkent

Maxsus komissiya atmosfera havosi sifatini yaxshilash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi. Havo sifati ushbu komissiya tomonidan doimiy ravishda nazorat qilinmoqda. Xususan, 30-oktyabrdan 31-oktyabrga o‘tar kechasi Toshkent shahrida havo sifati yomonlashdi.
Kechki paytda havo sifati Xalqaro havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha “sezgir guruhlar uchun nosog‘lom”, soat 21:00 dan keyin esa “nosog‘lom” darajada qayd etildi. Milliy havo sifati indeksi bo‘yicha shahar o‘rtacha ko‘rsatkichi PM2.5 bo‘yicha “sariq”, PM10 bo‘yicha esa “zarg‘aldoq” darajada bo‘ldi.
Havo sifatining yomonlashuviga haroratning pasayishi, kuchli harorat inversiyasi, juda kuchsiz shamol hamda havo massalarining shahar atrofida uzoq vaqt saqlanib qolishi sabab bo‘ldi. Bu holatlar mahalliy tashlamalar va PM zarrachalarining tarqalishini cheklab, ularning yer yuzasiga yaqin qatlamda to‘planishiga sharoit yaratdi.
Shuningdek, tungi vaqtda “Ekologik monitoring milliy markazi” DM mutaxassislari tomonidan Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Olmazor, Chilonzor, Mirobod, Yashnobod, Uchtepa va Shayxontohur tumanlarida hamda Toshkent viloyatining Qibray tumani va Chirchiq shahri atmosfera havosi holati bo‘yicha instrumental o‘lchovlar o‘tkazildi. Kuzatuvlarda havo sifati PM2.5 bo‘yicha “nosog‘lom”, ayrim nuqtalarda esa “juda nosog‘lom” toifaga mos keldi.
Prognozlarga ko‘ra, bugun, 31-oktyabr kuni Toshkent shahrida havo sifati Xalqaro AQI bo‘yicha “nosog‘lom”, milliy indeks bo‘yicha esa “sariq” darajada bo‘lishi kutilmoqda. Maxsus komissiya ko‘rsatmasi asosida hokimliklarga atmosfera havosi sifatini yaxshilash maqsadida favvoralarning muntazam ishlashini ta’minlash hamda ko‘cha va yo‘l bo‘ylarini yuvish ishlarini tizimli ravishda olib borish topshirildi.

