Toshkentda havo sifati «nosog‘lom» darajaga yetdi
29-oktyabrdan 30-oktyabrga o‘tar kechasi poytaxtda havo ifloslanishi kuchaygani ma’lum qilindi

Toshkentda havo sifati «nosog‘lom» darajaga chiqdi
29-oktyabrdan 30-oktyabrga o‘tar kechasi poytaxtda havo ifloslanishi kuchaydi. Ayrim kuzatuv nuqtalarida xalqaro havo sifati indeksi bo‘yicha «juda nosog‘lom» ko‘rsatkichlar qayd etildi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohasidagi maxsus komissiya Toshkent shahrida atmosfera havosi sifatini uzluksiz kuzatib bormoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kechki paytlarda xalqaro havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha holat asosan «sezgir guruhlar uchun nosog‘lom» darajada bo‘lgan. Yarim tundan so‘ng esa ko‘rsatkich «nosog‘lom» toifaga o‘tgan. Ayrim kuzatuv nuqtalarida «juda nosog‘lom» daraja ham qayd etilgan.
Milliy havo sifati indeksi bo‘yicha shaharning o‘rtacha ko‘rsatkichi PM2.5 zarrachalari uchun «sariq», PM10 zarrachalari uchun esa «zarg‘aldoq» darajada bo‘lgan.
Mutaxassislar havo sifatining yomonlashuvini haroratning pasayishi, shamolning juda kuchsizligi va kuchli harorat inversiyasi bilan izohlamoqda. Bunday sharoitda atmosferaning quyi qatlamlarida havo almashinuvi cheklanadi. Natijada PM zarrachalari va mahalliy manbalardan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar yerga yaqin qatlamda to‘planib qoladi.
«Meteosat» sun’iy yo‘ldoshi tasvirlarida Toshkent va uning atrofida sezilarli chang o‘choqlari kuzatilmagan. Shu bois havo ifloslanishi asosan mahalliy manbalar va noqulay meteorologik sharoitlar ta’sirida shakllangan.
«Ekologik monitoring milliy markazi» davlat muassasasi mutaxassislari Yunusobod, Olmazor, Mirzo Ulug‘bek, Shayxontohur, Mirobod va Yangihayot tumanlarida atmosfera havosini instrumental o‘lchovdan o‘tkazdi.
Kuzatuvlarda PM2.5 zarrachalari miqdori asosan «nosog‘lom» toifaga mos kelgan. Mutaxassislar prognoziga ko‘ra, 30-oktyabr kuni Toshkentda havo sifati xalqaro AQI indeksi bo‘yicha «nosog‘lom», milliy indeks bo‘yicha esa asosan «sariq» darajada bo‘lishi kutilmoqda.

