Toshkentda bugun kechqurun havo sifati yomonlashishi mumkin
22 sentyabr soat 21:00 dan 23 sentyabr soat 04:00 gacha yer yuzasiga yaqin havo sovib,

Toshkentda bugun kechqurun havo sifati yomonlashishi mumkin
Bugun, 22 sentyabr soat 21:00 dan 23 sentyabr soat 04:00 gacha yer yuzasiga yaqin qatlamda havo sovishi, yuqori qatlamlarda esa nisbatan iliq havo saqlanib qolishi hisobiga harorat inversiyasi yuzaga kelishi kutilmoqda.
Meteorologik prognozlarga ko‘ra, Toshkent shahrida shamol tezligi ayrim soatlarda 0,5–1 m/s gacha pasayadi. Bu holat havoning vertikal aralashuvini sekinlashtiradi.
Yog‘ingarchilik bo‘lmagani sababli havodagi zarrachalar uzoqroq vaqt saqlanib qolishi mumkin. Bunday sharoit PM2.5 va PM10 zarrachalarining yerga yaqin havo qatlamida to‘planishiga olib kelishi ehtimoli bor.
Prognozlarga ko‘ra, poytaxtning aksariyat hududlarida soat 22:00 dan 01:00 gacha havo sifati AQI standarti bo‘yicha «sezgir guruhlar uchun nosog‘lom» darajagacha pasayishi mumkin.
Ertalab yer yuzasi qizishi bilan inversiya susayishi, havoning vertikal aralashuvi kuchayishi va havo sifati asta-sekin yaxshilanishi kutilmoqda.
Shu sababli kechki paytlarda ochiq havoda uzoq vaqt qolmaslik tavsiya etiladi.
Ayni vaqtda atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy ravishda monitoring qilinmoqda.

