«Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi» birinchi sammitida davlat rahbarlari nimalar haqida gapirishdi
Sanoat-texnologiya parki, Markaziy Osiyo orqali Janubiy Koreyadan Yevropaga yoʻnalish, muhim materiallarni qayta ishlash boʻyicha qoʻshma korxonalar va sunʼiy intellekt boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash dasturlari — «Gazeta» «Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi» sammitida oltita prezidentning chiqishlarini oʻrganib chiqdi.

Birinchi «Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi» sammitida davlat rahbarlari nimalar haqida gapirishdi
16 sentyabr kuni «Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi» davlat rahbarlarining birinchi sammiti boʻlib oʻtdi. Ushbu format 2007 yildan beri amal qilib kelmoqda, biroq prezidentlar darajasidagi uchrashuv ilk bor oʻtkazildi.
Sammit yakunlari boʻyicha Seul deklaratsiyasi qabul qilindi: tomonlar bunday uchrashuvlarni har ikki yilda bir marta oʻtkazishga hamda taʼminot zanjirlari, kritik minerallarni qayta ishlash, energetika, transport va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar. 2028 yildagi ikkinchi sammitni Qozogʻistonda oʻtkazish rejalashtirilmoqda.
«Gazeta» olti yetakchining har biri ilgari surgan takliflarni jamladi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamkorlikning beshta strategik yoʻnalishi boʻyicha tashabbuslarni taqdim etdi. Ularning birinchisi sheriklikni uzoq muddatli rejalashtirish bilan bogʻliq.
Shavkat Mirziyoyev ildam rivojlanish kontseptsiyasini ishlab chiqishni taklif qildi. U istiqbolda mamlakatlarga qanday kompetentsiyalar, ishlab chiqarishlar, infratuzilma va kadrlar kerak boʻlishini, shuningdek, potentsial loyihalar portfelini oldindan belgilab berishi lozim.
Ikkinchi yoʻnalish savdo va investitsiyalarga tegishli.
Oʻzbekiston oʻz hududida «Markaziy Osiyo — Koreya» sanoat-texnologiya parkini joylashtirishga tayyor. Birgalikdagi saʼy-harakatlarni avtokomponentlar, elektrotexnika, mashinasozlik mahsulotlari, farmatsevtika va kimyo sanoati mahsulotlari ishlab chiqarishga yoʻnaltirish taklif etilmoqda. Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, mamlakatlar hududlari oʻrtasidagi hamkorlikning muhim rolini qayd etdi va hududiy hokimiyat hamda biznes vakillarini 2027 yilda Samarqandda boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo va Koreyaning Uchinchi hududlararo forumiga taklif qildi.
Uchinchi yoʻnalish kritik muhim materiallarga bagʻishlangan.
Prezident Kritik minerallar boʻyicha mintaqaviy investitsiyaviy alyans tuzishni va mintaqada qayta ishlash klasterlarini tashkil etishni taklif qildi. Ular ishlab chiqarishning barcha bosqichlarini: geologiya-qidiruv va qazib olishdan tortib, xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab olishi kerak.
Toʻrtinchi yoʻnalish «yashil» rivojlanish va iqlim oʻzgarishiga moslashish bilan bogʻliq.
Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Koreya oʻrtasida Iqlim va uglerod sherikligi formatini ishga tushirishni taklif qildi. Beshinchi yoʻnalish yoshlar salohiyatini roʻyobga chiqarishga qaratilgan.
Prezident inson kapitalini rivojlantirish sohasida uzoq muddatli sheriklikni shakllantirishni taklif qildi.
Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev koʻp tomonlama hamkorlikning bir nechta ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.
Birinchi yoʻnalish sifatida u savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni tilga oldi va «Markaziy Osiyo — Koreya» sanoat va texnologik rivojlanish sherikligini ishga tushirishni taklif qildi.
Tashabbus ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologiyalar transferi, mintaqaviy kooperatsiya va tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilishga urgʻu bergan holda flagman qoʻshma loyihalar portfelini shakllantirishga qaratilgan.
Qozogʻiston Prezidenti transport va logistikani yana bir ustuvor yoʻnalish deb atadi. Qozogʻiston oʻz hududi orqali tranzit hajmini 100 mln tonnagacha, Oʻrta koridorning oʻtkazuvchanlik qobiliyatini esa 20 mln tonnagacha oshirishni rejalashtirmoqda. Qasim-Jomart Toqayev Oʻrta koridorni Armaniston orqali oʻtuvchi «Tramp yoʻnalishi» (TRIPP) bilan integratsiya qilish va Koreyadan Markaziy Osiyo orqali Yevropagacha boʻlgan uzluksiz transport-logistika zanjirini shakllantirish imkoniyati mavjud deb hisoblaydi.
Energetika sohasida Qozogʻiston Janubiy Koreyaga energiya resurslari yetkazib berishni qayta tiklashga va yadro texnologiyalari sohasida Koreya kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyor.
Prezident toza vodorod ishlab chiqarish va undan foydalanish boʻyicha pilot loyihalarga oʻtishga chaqirdi, Koreya biznesini esa koʻmir generatsiyasini modernizatsiya qilishga taklif etdi.
Qozogʻiston Prezidenti, shuningdek, Koreya bilan birgalikda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun sunʼiy intellekt sohasida mutaxassislar tayyorlash boʻyicha AI Talent mintaqaviy dasturini ishga tushirishni taklif qildi.
Kritik muhim materiallar sohasida Prezident qoʻshma qozoq-korey kompaniyasini tashkil etishni taklif qildi. U toʻliq ishlab chiqarish tsiklini: tadqiqotlar va xomashyo qazib olishdan tortib, chuqur qayta ishlash va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonni yoʻlga qoʻyishga yordam berishi kerak.
Davlat rahbari Koreyaning suv tejovchi va suvni raqamli hisobga olish texnologiyalarini jalb qilish boʻyicha qoʻshma dasturni ishga tushirish tarafdori ekanini bildirdi.
Yoshlar oʻrtasidagi aloqalarni, taʼlim va madaniy almashinuvlarni kengaytirish uchun u Central Asia — Korea Future Generation dasturini ishga tushirishga chaqirdi.
Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov hozirgi bosqichdagi asosiy vazifa sifatida yuqori siyosiy ishonchni uzoq muddatli iqtisodiy va texnologik sheriklikka aylantirishni tilga oldi.
U «Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi» formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvlarining muvofiqlashtiruvchi rolini kuchaytirishni va ushbu mexanizmga kelishuvlar ijrosini siyosiy kuzatib borish hamda monitoring qilish funktsiyalarini berishni taklif qildi.
Iqtisodiy sohada Sadir Japarov amaldagi Sanoat vazirlarining maslahat mexanizmi doirasida Investitsiyalar boʻyicha davlat muassasalari kengashini tashkil etish, muhim loyihalarning yagona portfelini shakllantirish va qoʻshma investitsiya fondini tuzish tarafdori boʻldi.
Iqlim kun tartibi doirasida Bishkek togʻli hududlarning iqlim barqarorligi boʻyicha sheriklik tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi va ishtirokchilarni 2027 yilda boʻlib oʻtadigan «Bishkek+25» Global togʻ sammitiga taklif qildi.
Prezident taʼlim dasturlari, akademik almashinuvlar va qoʻshma tadqiqotlarni kengaytirish hisobiga inson kapitalini rivojlantirishni hamkorlikning markaziy yoʻnalishiga aylantirishga chaqirdi.
Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon sammitda iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va Markaziy Osiyo hamda Koreya oʻrtasida barqaror taʼminot zanjirlarini yaratish tarafdori boʻlib gapirdi. Uning soʻzlariga koʻra, iqlim oʻzgarishi, chuchuk suv tanqisligi va muzliklarning erishi mamlakatlarning yanada yaqinroq hamkorlik qilishini talab etadi.
U oʻsha kuni boʻlib oʻtgan biznes-sammitda hamkorlikning sakkizta yoʻnalishini taklif qildi. Birinchi yoʻnalish sifatida Prezident «yashil» energetikani tilga oldi.
Mamlakatning gidroenergetika salohiyati yiliga taxminan 530 mlrd kVt/soat deb baholanadi, shundan 6% ga yaqini oʻzlashtirilgan. Ikkinchi yoʻnalish strategik xomashyoni qazib olish va qayta ishlash boʻldi: Tojikistonda kritik muhim minerallar va nodir yer metallarining 10 ta turi zaxiralari, shuningdek, litiy, niobiy va tantal konlari mavjud.
Emomali Rahmon, shuningdek, agrosanoat majmui, toʻqimachilik sanoati, turizm, bank va moliya hamda sunʼiy intellekt sohalarida hamkorlik qilishni taklif etdi. Tojikiston, xususan, qayta ishlash korxonalari va eksport logistika markazlari, toʻliq tsiklli toʻqimachilik majmualari hamda xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash uchun mikromoliyalashtirishga qiziqish bildirmoqda.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov birgalikdagi ishlarning ustuvor yoʻnalishlari qatorida shaharsozlik va infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy shahar muhitini yaratishni tilga oldi.
Ushbu kontekstda u yaqinda Turkmaniston tomonidan ilgari surilgan «Aqlli shaharlar diplomatiyasi» tashabbusiga toʻxtalib oʻtdi. U saʼy-harakatlarni birlashtirish, tajriba va maʼlumot almashish hamda ilmiy-texnik yutuqlarni birgalikda joriy etishni nazarda tutadi.
Taʼlim sohasida Turkmaniston Markaziy Osiyo va Koreya oʻquv yurtlari oʻrtasida hamkorlikning yangi shakllarini, jumladan, qoʻsh qoʻsh diplom dasturlarini rivojlantirishni taklif qildi. Mamlakat, shuningdek, yoshlarning raqamli bilimlarini kengaytirish va qoʻshma olimpiadalar, tanlovlar hamda konferentsiyalar oʻtkazishni muhim deb hisoblaydi. Ilm-fan sohasida Serdar Berdimuhamedov yosh olimlarning qoʻshma ilmiy-tadqiqot va loyiha-qidiruv ishlarini faollashtirishni hamda Yoshlarning innovatsion gʻoyalarini rivojlantirish va joriy etishni qoʻllab-quvvatlash institutini tashkil etishni taklif qildi.
Madaniyat sohasida Prezident Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya yoshlarining madaniyatlararo almashinuvi boʻyicha Yoʻl xaritasini hamda «Yosh isteʼdodlar» dasturini taklif qildi. Uning soʻzlariga koʻra, yoshlarni birlashtiruvchi festival, kontsert va ijodiy tanlovlarni bundan keyin ham oʻtkazish zarur.
Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon hamkorlikning beshta ustunini taklif qildi: sheriklik, tinchlik, oʻzaro manfaatli amaliy hamkorlik, kelajak sohalaridagi hamkorlik va odamlar oʻrtasidagi aloqalar.
Iqtisodiyot va texnologiyalar tobora tezroq oʻzgarib borayotgan bir paytda, Prezidentning fikricha, munosabatlar strategik xususiyat kasb etishi lozim. Shu maqsadda u sammitni muntazam ravishda oʻtkazishni taklif qildi va ikki yildan keyin Qozogʻistonda uchrashishga umid bildirdi. Li Chje Myon, shuningdek, mintaqaning beshta davlati va Koreyani birlashtiruvchi C5+1 formatini parallel ravishda rivojlantirishga chaqirdi.
Prezident Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy tinchlikka qoʻshgan hissasini, jumladan, 2006 yildagi yadro qurolidan xoli hudud toʻgʻrisidagi shartnomani qayd etdi. U ulardan Seulning KXDR yadro muammosini hal etish, koreyalararo muloqotni tiklash va muzokaralarni, jumladan, AQSh va KXDR muloqotini qayta boshlashga qaratilgan kursini bundan keyin ham qoʻllab-quvvatlashni soʻradi. Koreya terrorizm, transmilliy jinoyatchilik va kibertahdidlarga qarshi kurashish tajribasi bilan oʻrtoqlashishga tayyor.
Iqtisodiyotda Li Chje Myon alohida loyihalar va infratuzilma qurilishidan sanoat salohiyati va ishlab chiqarish zanjirlarini birgalikda oshirishga oʻtishga chaqirdi.
U mintaqa mamlakatlari kuchli boʻlgan sohalarda, masalan, kritik muhim materiallar, energetika va qishloq xoʻjaligida, Koreya texnologiyalari va kadrlar tayyorlashga tayangan holda, mahalliy qayta ishlash va ishlab chiqarishni kengaytirishni taklif qildi. Uning soʻzlariga koʻra, mintaqa qoʻshilgan qiymat va ish oʻrinlariga ega boʻladi, Koreya esa yetkazib beruvchilar va bozorlar tanlovini kengaytiradi.
Yangi oʻsish manbalarini yaratish uchun Prezident sanoat va davlat xizmatlariga sunʼiy intellektni joriy etishni hamda suv resurslarini boshqarish, oʻrmonlarni qayta tiklash va energetik oʻtish sohalarida iqlim hamkorligini kengaytirishni taklif qildi.
Li Chje Myon 2027 yilda Markaziy Osiyoga koʻchib kelganligining 90 yilligi arafasida koryo-saram (etnik koreyslar) jamoasining mintaqa rivojidagi rolini alohida taʼkidladi. U birgalikda texnik mutaxassislar tayyorlashni hamda talabalar, tadqiqotchilar va tadbirkorlar almashinuvini kengaytirishni taklif qildi.

