Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari kelasi hafta Seulda bo‘ladi

Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari kelasi hafta Seulga boradi
Kelasi hafta Seulda Janubiy Koreya—Markaziy Osiyo ilk sammiti o‘tkaziladi. Unda mintaqaning besh davlati rahbarlari qatnashadi. Bu haqda Reuters Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myong bayonotiga tayanib xabar berdi.
“Ushbu sammit orqali Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar yetakchilar darajasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikka birlashadi, biz ilgari surib kelayotgan Yangi Shimoliy siyosat yanada jadallashishi kutilmoqda”, dedi Li televideniye orqali qilgan chiqishida.
Sammit avval 2025-yilda o‘tkazilishi kerak edi, biroq sobiq prezident Yun Sok Yolning harbiy holat joriy etishga muvaffaqiyatsiz urinishidan keyin yuzaga kelgan siyosiy o‘zgarishlar sababli u 2026-yilga surildi.
Ferval oyida Koreya tashqi ishlar vaziri Cho Hyun sammit 16–17-sentyabr kunlari Seulda bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgan edi. Janubiy Koreya prezidenti sammitdan oldin, 14–16-sentyabr kunlari, Markaziy Osiyoning besh davlati rahbarlarining har biri bilan alohida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
“Sammit Janubiy Koreya va Markaziy Osiyoning beshta davlati o‘rtasidagi birinchi yetakchi darajadagi ko‘p tomonlama uchrashuv bo‘lib, savdo, investitsiya, energetika, muhim minerallar va ta’minot zanjirlari kabi sohalarda hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan”, dedi Lining matbuot kotibi Kan Yu Jong.
Sobiq prezident Mun Je In davrida boshlangan Yangi Shimoliy siyosat Markaziy Osiyo va Yevrosiyoning boshqa hamkorlari bilan iqtisodiy, energetika va infratuzilma sohalaridagi aloqalarni chuqurlashtirishni maqsad qiladi.

