Janubiy Koreya Hormuzga qo‘shin joylashtirishga tayyorlanmoqda — Reuters

Janubiy Koreya Hormuzga qo‘shin yuborishga hozirlik ko‘rmoqda — Reuters
Janubiy Koreya Hormuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi xavfsizligini ta’minlash maqsadida harbiy kuchlarini safarbar etishga tayyorgarlik ko‘ryapti va ularni 2026-yil oxirigacha jo‘natishni rejalashtirmoqda. Reuters bu haqda 3-sentyabr kungi hukumat va harbiy manbalarga tayanib xabar berdi.
Janubiy Koreyaning bir qator nashrlarida tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, hukumat harbiylarni yuborish uchun parlament roziligini olish jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Sentyabr oyida Vazirlar Mahkamasi ko‘rib chiqqach, parlamentga tegishli taklif taqdim etiladi.
Xabarlarda aytilishicha, hukumat dengiz patrul samolyoti, logistika ta’minoti kemasi yoki minasizlantirish bo‘linmasini yuborish variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Shuningdek, Janubiy Koreya bu yordamning hajmi va xususiyatini AQSH, Buyuk Britaniya hamda Fransiya kabi davlatlar bilan muhokama qilgan.
Janubiy Koreya prezidenti administratsiyasi (Ko‘k saroy) Seul bo‘g‘ozda kema qatnovi xavfsizligiga hissa qo‘shishning amaliy yo‘llarini muhokama qilganini ma’lum qildi. Biroq hukumat harbiylarni yuborish bo‘yicha yakuniy qarorga kelgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ham qo‘shimcha qildi.
AQSH prezidenti Donald Tramp avgust oyida Qo‘shma Shtatlar va Janubiy Koreya o‘rtasidagi qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni qisqartirgan edi. U bunga sabab sifatida Janubiy Koreyaning Eronga qarshi urushda AQSHga yordam berishdan bosh tortganini ko‘rsatgan.

