Mangʻistovda halok boʻlgan harbiylarning oilalariga 5 million dollardan ortiq miqdorda yordam koʻrsatiladi

Mangʻistovda halok boʻlgan harbiylarning oilalariga 5 million dollardan ortiq yordam ajratiladi
Mangʻistov viloyatida Kaspiy dengizidagi mashgʻulotlar paytida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning oilalariga 2,3 milliard tengedan ortiq (taxminan 5,2 million dollar) moliyaviy koʻmak koʻrsatiladi. Mablagʻlar «Әdіlet» partiyasi va Qozogʻiston xalq kengashi aʼzolari tomonidan taqdim etiladi.
«Әdіlet» partiyasi oʻz Ishbilarmonlar kengashi bilan birgalikda halok boʻlgan va jabrlangan harbiy xizmatchilarning oilalarini qoʻllab-quvvatlash uchun 1,5 milliard tenge (3,3 million dollar) yoʻnaltiradi. Pullar yordam yigʻish boʻyicha yagona operator etib belgilangan «Ұlttiq rux» jamgʻarmasiga tushadi. Badallar ixtiyoriy ravishda amalga oshirilmoqda.
Halok boʻlganlarning oilalariga yordam berish uchun yana 815 million tenge (1,8 million dollar) Qozogʻiston xalq kengashi aʼzolari tomonidan yigʻib boʻlindi. Ushbu mablagʻlar toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy xizmatchilarning yaqinlariga topshiriladi.
Eslatib oʻtamiz, fojia 24 sentyabr kuni Kaspiy dengizi sohilida Qozogʻiston Harbiy-dengiz kuchlarining mashgʻulotlari paytida yuz bergan edi. Oʻquv-jangovar topshiriqni bajarish chogʻida ob-havo sharoiti keskin yomonlashib, shamol kuchaygan, buning oqibatida 17 nafar harbiy xizmatchi ochiq dengizda qolib ketgan. Uch kishi qutqarib qolingan, 14 kishi halok boʻlgan. Qidiruv-qutqaruv operatsiyasi 25 sentyabr kuni bedarak yoʻqolgan oxirgi ikki harbiy xizmatchining jasadi topilganidan keyin yakunlandi.
Harbiy xizmatchilarning halok boʻlishi holati boʻyicha xizmatga sovuqqonlik bilan qarash, ogʻir oqibatlarga olib kelish va kema boshqarish qoidalarini buzish moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hodisa sabablari va tafsilotlarini hukumat komissiyasi oʻrganmoqda.
Fojia munosabati bilan 25 sentyabr Qozogʻistonda umummilliy motam kuni deb eʼlon qilingan edi.
Mangʻistov viloyati hokimligi avvalroq yordam berishni istovchilarni mablagʻlarni faqat rasmiy «Ұlttiq rux» jamgʻarmasi orqali oʻtkazishga chaqirgan edi. Mablagʻlarning harakati davlat va huquq-tartibot idoralari nazoratida turibdi.

