Qozog‘istonda 19 nafar harbiy xizmatchi dengizda oqib ketdi

Qozog‘istonda 19 nafar harbiy xizmatchi dengiz oqimiga tushib ketdi
Qozog‘istonda 24-sentyabr kuni mashg‘ulotlar vaqtida 19 nafar harbiy xizmatchi Kaspiy dengizida oqib ketdi. Hozircha ularning uch nafari qutqarilgan. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, harbiylar Mang‘istov viloyatidagi Kaspiy dengizi qirg‘og‘ida o‘quv-jangovar vazifani bajarayotgan bo‘lgan.
“Meteorologik sharoitlarning keskin yomonlashishi va shamolning kuchayishi tufayli harbiy xizmatchilar dengizga oqib ketganini chuqur qayg‘u bilan ma’lum qilamiz”, deyiladi Mudofaa vazirligi xabarida.
Hozircha 9 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgani ma’lum. Uch kishi qutqarib qolingan, ulardan biri kasalxonaga yotqizilgan. Qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda. Voqea joyiga zudlik bilan qutqaruv xizmatlarining kuch va vositalari yuborilgan.
Qidiruv-qutqaruv operatsiyasiga Harbiy-dengiz kuchlari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, aviatsiya va boshqa tegishli xizmatlar jalb etilgan. Hodisaning barcha holatlarini aniqlash va qidiruv-qutqaruv ishlarini muvofiqlashtirish uchun Mudofaa vazirligi komissiyasi voqea joyiga yo‘l olgan. Komissiyaga mudofaa vaziri, aviatsiya general-leytenanti Dauren Kosanov boshchilik qilmoqda.
Qozog‘iston Mudofaa vazirligi halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Qurbonlar oilalariga barcha zarur yordam ko‘rsatiladi. Harbiy xizmatchilar o‘limi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, tezkor-tergov guruhi tuzilgan.

