Dunyo

MAGATE Eronning Pikaks tog‘ida yadroviy faollik borligini tasdiqladi

MAGATE Eronning Pikaks tog‘ida yadroviy faollik borligini tasdiqladi

BMTning Atom energetikasi bo‘yicha agentligi (MAGATE) Eronning Pikaks tog‘ida qurilish ishlari ketayotganini bildirdi. Mazkur hudud yadroviy faoliyat olib boriladigan joy sifatida qaraladi va juda yaxshi qo‘riqlangan hudud hisoblanadi.

MAGATE ma’lumotiga ko‘ra, tunnel majmuasi ichida hali hech qanday tekshiruv o‘tkazilmagan. Shunga qaramay, masofadan olingan tasvirlar Tehronning asosiy uranni boyitish zavodidan janubda joylashgan bu hududda yangi harakatlar borligini ko‘rsatmoqda.

Bu haqda MAGATE bosh direktori Rafael Mariano Grossi 10-sentyabr kuni Bloomberg’ga bergan intervyusida gapirdi. AQSH prezidenti Donald Tramp ham o‘tgan hafta davomida kamida ikki bor ushbu hududga jamoatchilik e’tiborini qaratgan edi.

“Bu qurilish maydonchasi atrofida harakatlanish borligidan dalolat beruvchi ayrim belgilar mavjud. Lekin hududda qanday faoliyat olib borilayotgani haqida bizda aniq ma’lumotlar yo‘q”, dedi Grossi.

Insrektorlar 2025-yil iyunida Isroil va AQSH Eronning yirik yadroviy obyektlariga hujum qilganidan beri Eronning uran zaxiralari holati va joylashuvini tekshira olmagan.

“Biz Pikaksda biroz faollikni payqadik. Men Eronga ayyorlik qilmaslikni maslahat bergan bo‘lardim. Chunki biz ularga juda qattiq zarba berishimizga to‘g‘ri keladi”, dedi Tramp 9-sentyabr kuni.

Tehrondan 220 kilometr janubda, Zagros tog‘larida joylashgan Pikaks hududidagi faoliyat olti yil muqaddam sabotajchilar Eronning sentrifuga sexiga hujum qilganidan keyin boshlangan edi.

“Ular o‘shanda ‘Biz hammasini tunnellar ichiga, tog‘ bag‘riga joylashtiramiz’, deyishgan edi. Bu joy hujumlardan himoyalangan va o‘tib bo‘lmaydigan bo‘lishi kerak edi”, dedi Grossi.

Isroil va AQSH Eronning sentrifuga dasturini tugatishini va uranni boyitishni to‘xtatishini istaydi. Sentrifugalar uran izotoplarini ajratadigan hamda elektr energiyasi yoki qurol uchun yadro yonilg‘isini ishlab chiqarishda muhim hisoblangan tez aylanuvchi mashinalardir.

BMT tomonidan 9-sentyabr kuni Eronga qarshi qabul qilingan qoralash rezolyutsiyasi Eron yadroviy obyektlariga yangi harbiy zarbalar berish imkoniyatini ochishi mumkin. Tramp Eron bilan urushga kirishishning sababi Tehronning yadro quroli yaratishiga yo‘l qo‘ymaslik ekanini bir necha bor ta’kidlagan.

Eron shu haftada tarqatilgan alohida diplomatik notasida G‘arb mamlakatlarini MAGATEni urush quroliga aylantirmaslik haqida ogohlantirdi.

“Isroil rejimi va AQSHning Eronga qarshi tajovuzi hujjat qabul qilinganidan bir necha soat o‘tib sodir bo‘ldi. Bu ushbu tashabbuskorlarning yashirin rejalari borligiga yorqin dalildir”, deb yozadi Eronning MAGATEdagi elchisi 11 sahifalik hujjatda.

U diplomatlarni noqonuniy hujumlarni qoralashga chaqirdi.

Grossi ko‘plab mamlakatlar yadro quroliga ega bo‘lish va undan foydalanish masalasini qayta ko‘rib chiqayotganidan xavotirda ekanini aytdi.

“Bu holat dunyoda urushlar ko‘paygani bilan bog‘liq. Yadro qurollarining tarqalishi juda dahshatli holat bo‘lardi”, dedi u.

Ta’kidlanishicha, Tehron zaxiradagi komponentlar va yerosti majmualaridan foydalanib raketalar ishlab chiqarmoqda. Pentagon rahbari fevraldagi hujumlar natijasida Eronning raketa dasturi “yo‘q qilingani”ni aytgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.