Eron yonilg‘i tashuvchi kemalar uchun 10 foizlik to‘lovni vaqtincha bekor qildi

**Eron yonilg‘i tashuvchi kemalar uchun 10 foizlik to‘lovni vaqtincha bekor qildi**
Eron xorijiy kemalar uchun neft va gaz tashishga oid 10 foizlik yig‘imni vaqtincha bekor qildi. Bu qaror mamlakatdan olib chiqiladigan yoki olib kiriladigan neft, gaz hamda suyuq yonilg‘i mahsulotlarini tashuvchi kemalarga tegishli.
AQSHning dengiz blokadasi tufayli Eronning dengiz orqali neft eksporti jarayoni jiddiy izdan chiqqan edi. Fars nashri xabariga ko‘ra, prezidentning huquqiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari ushbu yig‘imni vaqtincha to‘xtatish haqida topshiriq bergan. Cheklov hukumat mazkur yig‘im qo‘llanadigan mahsulotlar ro‘yxatini tasdiqlab, e’lon qilguniga qadar amal qiladi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, 10 foizlik to‘lov neft, gaz va suyuq mahsulotlarni tashish xarajatlarini oshirib yuborgan edi. Yig‘imning bekor qilinishi transport xarajatlarini kamaytiradi. Bundan tashqari, bu xorijiy kemalarni Eronga yuk olib kirish va u yerdan yuk olib chiqishga undaydi.
Iyun oyida AQSH prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tish uchun to‘lov undirilishi mumkinligini aytgan edi. Oq uy rahbari buni Eron bilan kelishuv muvaffaqiyatsizlikka uchrasa amalga oshirishini bildirgan.
“60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish davrida Hormuz bo‘g‘ozida hech qanday to‘lov undirilmaydi. Agar kelishuv to‘liq yakuniga yetkazilmasa, o‘tgan, hozirgi va kelajakdagi xarajatlarni qoplash maqsadida Yaqin Sharq mamlakatlariga “himoyachi farishta” sifatida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun AQSH tomonidan va uning manfaatlari yo‘lida joriy etilishi mumkin bo‘lgan yig‘imlardan tashqari, ushbu 60 kunlik muddat tugaganidan keyin ham hech qanday to‘lov bo‘lmaydi”, deb yozgandi Tramp o‘shanda Truth Social tarmog‘ida.
Iyul oyida esa AQSH prezidenti Hormuzdan o‘tadigan kemalardan 20 foizlik soliq olish fikridan qaytgan edi. U Yaqin Sharq yetakchilari bilan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng bu g‘oyadan voz kechgandi. Fors ko‘rfazi davlatlari boj to‘lash o‘rniga Vashington bilan investitsiya shartnomalarini imzolashi rejalashtirilgandi.

