AQSH Xarg oroli yaqinida Eron tankeriga uchta raketa bilan hujum qildi

AQSH Xarg oroli yaqinida Eron tankeriga uchta raketa bilan zarba berdi
AQSH Qurolli kuchlari 5-sentyabr kuni Fors ko‘rfazidagi Eronning asosiy neft eksport markazi sanalgan Xarg oroli yaqinida Islom Respublikasiga tegishli tankerga raketalar uchirdi.
Tasnim agentligining Xarg orolidagi muxbiri bergan ma’lumotga ko‘ra, tankerga orolning langar tashlash joyida AQSHning to‘rtta raketasi kelib urilgan. Hodisa oqibatida qurbonlar qayd etilmagan. Tanker ekipaji xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan.
Hozircha Eron rasmiylari bu borada rasmiy bayonot bermadi. AQSH Markaziy qo‘mondonligi ham izoh so‘roviga javob qaytarmadi.
31-avgust kuni AQSH prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan video joyladi. U kadr ostiga Xarg oroli “vayron bo‘lmoqda” deb yozib qoldirdi. Eron rasmiylari esa orolga hujum qilinsa, keskin javob berilishini ma’lum qilgan.
Eron OPEC tashkilotida uchinchi yirik neft ishlab chiqaruvchi davlat hisoblanadi. Urush boshlanishidan oldin mamlakat xom neftining 90 foizi Xarg oroli orqali eksport qilinar edi. Aprel oyi o‘rtalarida AQSH Eron neft eksportini blokada qilishni boshladi. Shundan so‘ng neft etkazib berish jarayoni to‘xtab qoldi.
Tramp 11-iyun kuni Xarg orolini egallab olmoqchi ekanini aytgan edi. Ammo u keyinchalik harbiy operatsiya vaqtincha bekor qilinganini bildirdi. 17-iyun kuni Vashington va Tehron urushni tugatishga qaratilgan muvaqqat bitim imzoladi.
AQSHning Xarg oroliga hujumi Eronning neft sanoati va iqtisodiyotiga kuchli zarba hisoblanadi. Mamlakat iqtisodiyoti AQSH dengiz blokadasi sababli og‘ir ahvolda qolmoqda. Qo‘shma Shtatlar bu blokadani Eron Hormuz bo‘g‘ozini amalda yopib qo‘ygach, joriy qilgan. Urushgacha ushbu muhim suv yo‘li orqali dunyo neftining beshdan bir qismi tashilardi.
AQSH so‘nggi marotaba 2-sentyabrga o‘tar kechasi Eronga keng ko‘lamli hujum qilgandi. Oqibatda 18 kishi halok bo‘lib, 108 kishi yaralangan. Qizil Yarim Oy jamiyati esa Hormuz bo‘g‘ozi yaqinidagi to‘y marosimiga berilgan zarba oqibatida 4 kishi halok bo‘lgani va 67 kishi jarohatlanganini bildirgan.

