“Loy ichidan paypaslab topdik” — Chorvoq tubidan ota-bolalarning jasadlarini olib chiqqan g‘avvoslar

“Loy ichidan paypaslab topdik” — Chorvoq tubidan ota-bolalarning jasadlarini olib chiqqan g‘avvoslar
2-sentyabr kuni Chorvoq suv omborida bir oilaning uch a’zosi — ota va uning ikki o‘g‘li cho‘kib ketdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ular suvga tushish taqiqlangan hududga kirgan va himoya nimchasisiz cho‘milgan.
Chorvoq O‘zbekistondagi eng chuqur suv omborlaridan biri hisoblanadi. U yerda cho‘kib ketgan odamni topish va suvdan olib chiqish oson emas. Chunki suv ostida, ko‘rish deyarli imkonsiz bo‘lgan sharoitda murakkab va xavfli qidiruv ishlari olib boriladi.
Halokatdan keyin qidiruv qariyb sakkiz kun davom etdi. Oxir-oqibat, Favqulodda vaziyatlar vazirligi g‘avvoslari suv tubidan uch nafar marhumning jasadini topib, yuzaga olib chiqdi.
“Daryo” suv tubiga tushib, cho‘kib ketganlarni qidirgan va olib chiqqan FVV g‘avvoslari bilan suhbatlashdi. Ular qidiruvning eng og‘ir pallalari, Chorvoq tubidagi sharoit va marhumlarni qanday topgani haqida gapirib berdi.
O‘zi nima bo‘lgan edi?
Voqea tafsilotlariga ko‘ra, bir oila suv omboriga katerda sayr qilishga chiqqan. Suvning cho‘milish taqiqlangan qismida rasmga tushish uchun to‘xtashgan. Keyin cho‘milishni xohlashgan.
“Cho‘milish jarayonida ular jiletlardan foydalanishmagan. Shuning oqibatida otasi hamda ikkita o‘g‘li cho‘milayotganda tomiri tortishib qolgan. O‘sha vaqtda shamol turib, suvda biroz to‘lqin hosil bo‘lgan. O‘sha jarayonda cho‘kish holati yuz bergan”, deydi qutqaruv otryadi komandiri Rustam Bo‘riyev.
Kater boshqaruvidagi odam jiletsiz cho‘milib bo‘lmasligini aytgan, biroq fuqarolar tavsiyaga amal qilmagan.
“Birinchisi tushgan va oyog‘ida tomir tortib qolgan. Keyin otasi qutqaraman deb tushgan. Shunda yana bir o‘g‘li tushgan. Ketma-ket shu ayanchli vaziyat yuzaga kelgan”, — deydi vazirlik vakili.
Katerda erkakning turmush o‘rtog‘i va singlisi ham bo‘lgan. Ayollar atrofdagilardan yordam so‘ragan. Katerni boshqarayotgan haydovchi ham suvga tushib, ularni qutqarishga uringan, ammo uddalay olmagan.
Chorvoq O‘zbekistondagi eng katta va chuqur suv havzalaridan biri sanaladi. Suv omborining maydoni qariyb 40 kilometr kvadrat, ayrim joylarida kengligi 10 kilometrga yetadi. O‘rtacha chuqurligi 50 metr, eng chuqur joylari esa 130–150 metr atrofida. Suv omborining loyihaviy sig‘imi qariyb 2 milliard kub metrni tashkil etadi.
Shu bilan birga, Chorvoq yoz oylarida minglab odamlar dam olish uchun keladigan yirik turizm maskani hamdir. FVV ma’lumotiga ko‘ra, faqat rasmiy rekreatsion obyektlarning o‘zi bir vaqtning o‘zida qariyb 7 ming kishini qabul qila oladi.
Qidiruv nega cho‘zildi?
“Daryo” jurnalisti bilan suhbatda Chorvoq suv omboriga tushib, cho‘kib ketganlarni qidirishda qatnashgan va birinchi jasadni olib chiqqan g‘avvos, Chirchiq shahar maxsus qutqaruv otryadi komandiri mayor Umidjon To‘laganov qidiruv jarayoni haqida so‘zlab berdi.
Uning aytishicha, fojia sodir bo‘lgan kuni kuchli shamol va to‘lqin kuzatilgan. Bu esa halok bo‘lganlarni suv ostida ancha masofaga siljitib yuborgan. Bundan tashqari, ularning aynan qayerda cho‘kkanini hech kim aniq ko‘rsatib bera olmagan. Natijada qidiruv hududi 5 kilometr diametrgacha kengaygan va qidiruv ishlariga yetti nafar qutqaruv jamoasi jalb qilingan.
“Ancha vaqt cho‘kkanlarning joyini topa olmadik. Chorvoq suv omborining hududi juda katta. Eng katta muammo esa ular cho‘kkan joyning aniq lokatsiyasini hech kim ko‘rsatib bera olmagani bo‘ldi.
Qidiruvni qiyinlashtirgan yana bir omil — suvning chuqurligi. Biz ishlagan joylarda chuqurlik 22–23 metr atrofida edi. Bundan tashqari, suv tubi toshloq emas, loy. G‘avvos suv tubiga tushganda, harakat natijasida loy ko‘tarilib, suvni xuddi tumandek xiralashtirib yubordi. Bunday sharoitda ko‘rish masofasi ba’zan yarim metrgacha tushib ketadi”, — dedi Umidjon To‘laganov.
“Loy ichida paypaslab topdim”
Chirchiq shahar maxsus qutqaruv otryadi komandirining aytishicha, g‘avvoslar qidiruvni sektorlarga bo‘lib, suv tubini birma-bir tekshirib chiqqan.
“Suv ostida fonardan ham foydalanamiz. Fonar suv tubini tiniq ko‘rsatmaydi, masofani ham aniq ko‘rish qiyin. Lekin u suv ostidagi narsalarning shaklini ilg‘ashga yordam beradi.
Masalan, suv tubi bo‘ylab bir tekis harakatlanayotganingizda, hamma joyning rangi deyarli bir xil ko‘rinadi. Agar kattaroq tosh yoki boshqa biror narsa, xususan, jasadga duch kelsangiz, uning rangi yoki shakli boshqacharoq ko‘rinadi.
Fonarni yoqqanimda, suv tagida qanaqadir qora dog‘ga o‘xshash narsa ko‘rindi. Yana ikki qadam oldinga yurganimda, o‘sha narsa yonimga keldi. Shunda cho‘kib ketgan insonlardan birining jasadi ekanini angladim”, — dedi u.
Ikkinchi jasadni suvdan olib chiqqan g‘avvos — Chirchiq shahar maxsus qutqaruv otryadi xodimi G‘iyos Imomov ham “Daryo” jurnalistiga qidiruv jarayoni qanday kechgani haqida so‘zlab berdi.
U 22 metr chuqurlikda, ko‘rish deyarli imkonsiz bo‘lgan sharoitda jasadni suv tubidagi loy ichidan qo‘llari bilan paypaslab topganini ta’kidladi.
“Taxminan 20 metr chuqurlikda, suv tubini paypaslab qidirib yurgandim. Ko‘rish deyarli imkonsiz edi. Shu payt qo‘lim nimagadir tegdi. Yaxshilab oldiga borib qarasam, haqiqatan ham cho‘kib ketganlardan biri ekan. Uni ushladim, tepaga signal berdim va olib chiqib keldim”, — dedi g‘avvos.
Mayor Umidjon To‘laganov cho‘kib ketganlardan birini topgan paytda ichidan qanday fikrlar o‘tganini aytar ekan, qidiruvning dastlabki kunlarida natija bo‘lmagani sari g‘avvoslarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ham sinovdan o‘ta boshlaganini ta’kidladi.
“Jasadni suv ostidan tepaga olib chiqishning o‘zi ham vaqt oladi. Uni olib chiqayotganimda, “Xudoga shukur, bittasi topildi. Demak, qidiruv maydoni ham qisqardi, radiusi aniqroq bo‘ldi. Xudo xohlasa, qolganlarini ham topamiz”, deb o‘yladim.
Shundan keyin ancha odam yengil tortdi. Chunki bir haftadan oshiq vaqt davomida qidiruv olib borayotgan edik. Kunlar o‘tgani sari odamning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ham sinovdan o‘tadi: “Nahotki shuncha odam ishlayapti-yu, topa olmayapmiz?” degan o‘y paydo bo‘ladi. Birinchi jasadning topilgani esa bizga katta umid berdi”, — dedi u.
Chorvoqdagi suv jozibador va go‘zal ko‘rinsa-da, uning suvlari bir necha soniya ichida insonni o‘z qa’riga tortib, hayotiga nuqta qo‘yishi mumkin. Shu sabab Chorvoqda dam olishning eng oddiy, ammo eng muhim qoidasi — faqat ruxsat etilgan joylarda cho‘milish va taqiqlangan hududlarda xavfsizlik jiletsiz suvga tushmaslik, deya ta’kidlaydi mutaxassislar.

