Chorvoqda cho‘kib ketgan ota-bolalardan birining jasadi topildi

Chorvoqda cho‘kib ketgan ota-bolalardan birining jasadi topildi
Chorvoq suv omborida cho‘kib ketgan 3 nafar fuqarodan birining jasadi aniqlandi.
2-sentyabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv ombori suv havzasida ota va ikki nafar o‘g‘il katerda sayrga chiqqan, so‘ng suvga tushish taqiqlangan hududga borib, himoya nimchasiz suvga tushib cho‘kib ketgandi.
Xabar kelishi bilan FVV g‘avvos-qutqaruvchilari voqea joyiga yetib borib, qidiruv ishlarini boshlagan. Qidiruv ko‘lami kengligi va suv ombori chuqurligini hisobga olib, Favqulodda vaziyatlar vaziri topshirig‘iga ko‘ra hodisa joyida shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilib, qo‘shimcha ravishda Jizzax va Sirdaryo viloyatlari Favqulodda vaziyatlar boshqarmalaridan qo‘shimcha kuchlar jalb etildi.
“Cho‘milish jarayonida jiletlardan foydalanishmagan. Shuning oqibatida otasi hamda ikkita o‘g‘li cho‘milayotganda tomiri tortishib qolgan. Yaʼni u yerda shamol bo‘lib turgan bo‘lgan, yana suvda ozgina to‘lqin hosil bo‘lgan. O‘sha jarayonda cho‘kish holati yuz bergan”, degan edi qutqaruv otryadining komandiri Rustam Bo‘riyev.
Olib borilgan qidiruvlar natijasida 9-sentyabr soat 13:02 da cho‘kib ketgan fuqarolardan birining jasadi topildi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, qidiruv ishlari barcha zarur texnika va zamonaviy asbob-uskunalardan foydalangan holda davom ettirilmoqda.

