Mahalliy

Kurash maydonidagi qotillik: Denovda taniqli polvonni pichoqlagan shaxsga hukm oʻqildi

Surxondaryo viloyati Denov tumanida oʻtkazilgan milliy kurash musobaqasida qotillik yuz bergan: vohaning taniqli polvonlaridan biri Nizomiddin Choʻtboyev pichoqlanib, shifoxonada hayotdan koʻz yumgan. Sud polvonni pichoqlagan 29 yoshli yigitga 19 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Kurash maydonidagi qotillik: Denovda taniqli polvonni pichoqlagan shaxsga hukm oʻqildi

Denov tumanida taniqli polvon Nizomiddin Choʻtboyevni pichoqlagan shaxsga sud hukmi chiqarildi.

Sud qaroriga koʻra, 1997-yilda tugʻilgan Doston Jabborov bundan oldin ham bezorilik hamda qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish jinoyatlari uchun ikki marta sudlangan.

2026-yil 9-may kuni Doston Jabborov Denov tumani Yangiariq mahallasida oʻtkazilgan milliy kurash musobaqasini tomosha qilish uchun borgan. Musobaqada uning ukasi Boʻstonbek Jabborov polvon Nizomiddin Choʻtboyevning oʻgʻli Ayubxon Xurramov bilan gilamga chiqqan.

Kurashda Boʻstonbek Jabborov magʻlub boʻlgan. Bundan gʻazablangan Doston Jabborov musobaqa oʻtayotgan joyni tark etgan. Yoʻlda taksi haydovchisidan kurash maydonida otasi Asl Xudoyqulov bilan Nizomiddin Choʻtboyev oʻzaro tortishib qolganini eshitgan. Shundan jahli chiqqan Doston Jabborov ortiga, musobaqa boʻlayotgan joyga qaytgan.

U yaqin atrofdagi oziq-ovqat doʻkoni ichida turgan oshxona pichogʻini olib, kurash maydoniga borgan. U yerda Nizomiddin Choʻtboyevga farzandlari koʻz oʻngida 4 marta pichoq sanchgan.

Polvon ogʻir jarohat olib, shifoxonada vafot etgan.

Doston Jabborov sudda aybini tan olgan. U polvonga necha marta pichoq urganini bilmay qolganini, barchasi jahl ustida sodir boʻlganini aytib, suddan yengillik soʻragan.

“Pichoqni necha marta sanchganimni eslolmayman. Oʻsha vaqtda hech kim oldimga yaqinlasha olmadi, hamma 2 metrcha narida qoʻrqib kelolmay turdi. Juda jahl ustida edim. Soʻng pichoqni tashlab, oʻzimdan uzoqlashtirish uchun Nizomiddin Choʻtboyevni bir marta surdim. U yuzini koʻtarib, boshi bilan chap yuzimga urdi. Zarbadan karaxtlanib, orqaga qarab tez yurdim va undan qochdim”

Sudda Ayubxon Xurramov otasi Nizomiddin Choʻtboyev koʻz oldida pichoqlanganini, bundan qattiq iztirobga tushganini aytgan. U sudlanuvchiga umrbod qamoq jazosi tayinlashni soʻragan.

JIB Qumqoʻrgʻon tuman sudining hukmi bilan Doston Jabborov Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish) 2-qismi “j, l” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 19 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash belgilangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.