Mahalliy

Antiqa jinoyat: uddaburon motorollerni qanday olib qochdi?

Transport vositasini olib qochish jinoyatini oʻsha transport vositasiga qoʻl tekkizmagan holda ham sodir qilish mumkin. Buni Toshkent shahrida yashovchi xavfli retsidivist amalda koʻrsatib berdi: 52 yoshli erkak koʻchada qarovsiz qoldirilgan motorollerni antiqa usulda olib qochdi.

Antiqa jinoyat: uddaburon motorollerni qanday olib qochdi?

Toshkent shahrida ko‘chada turgan motorollerni olib qochgan erkak jinoiy jazoga tortildi.

Sud hukmiga ko‘ra, 1974-yilda tug‘ilgan F.N. Chilonzor tumanida uy oldida turgan motorollerni olib ketgan. Transport vositasi boshqaruv servis kompaniyasiga tegishli bo‘lgan.

Bungacha 6-marta sudlangan va xavfli retsidivist bo‘lgan erkak jinoyatni noodatiy usulda amalga oshirgan. U motoroller oldiga borib, Telegram’ning saqlangan xabarlar bo‘limiga joy geolokatsiyasini tashlab olgan. So‘ngra u yerdan ketgan.

Yo‘l-yo‘lakay bekat va ko‘chalardagi e’lonlarni ko‘zdan kechirib, evakuator xizmatini topgan va qo‘ng‘iroq qilgan.

“Chilonzor tumani 19-mavzesi 16-uy oldida uch g‘ildirakli skuterim bor, o‘shani eski Toshmi tomonga olib borib bering, o‘zim qabul qilib olaman”, degan erkak evakuator haydovchisiga.

Haydovchi xizmat haqi 300 ming so‘m bo‘lishini aytgan, F.N. esa 250 ming so‘m berishini bildirgan. Savdo pishgach, F.N. evakuator haydovchisiga motoroller turgan joy geolokatsiyasini jo‘natgan.

Oradan bir soat vaqt o‘tib, haydovchi qo‘ng‘iroq qilgan va manzilga borganini aytgan. F.N. unga motorollerni yuklab kelaverishni, o‘zi bozorda ekanini, bozorlik qilib bo‘lgach “Eski Toshmi” oldida yo‘l chetidagi meva-cheva sotadigan joyda kutib olishini ma’lum qilgan.

Shu tariqa, evakuator haydovchisi motorollerni yuklab, aytilgan manzilga kelgan. F.N. unga birozdan so‘ng yetib borishini, bank karta raqamini aytsa, pul o‘tkazishini” bildirgan. So‘ngra haydovchi aytgan bank kartasiga ko‘chada turgan PayNet qurilmasidan pul o‘tkazgan hamda “agar ulgurmasam skuterni o‘sha yerga tushirib ketavering”, degan.

Xizmat haqini olgan evakuator haydovchisi motorollerni aytilgan manzilga tushirib ketgan. F.N. esa motorollerga yaqinlashmasdan uni 2-3 kun kuzatishga qaror qilgan. Agar hech kim tegmasa, keyin metallolomga topshirib, pulini o‘z ehtiyojlariga sarflash rejasini tuzgan.

Oradan 2 kun o‘tib, “o‘lja”ni kuzatishga borgan F.N. motoroller joyida yo‘qligini ko‘rgan. Chunki, boshqaruv servis kompaniyasi transport vositasi olib qochib ketilgani haqida “102”ga xabar bergan va motoroller evakuator tashlab ketgan joydan topilgandi.

Sud hukmi bilan F.N. Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi “g” bandida (talon-toroj qilish maqsadida o‘g‘rilik yoki talonchilik yo‘li bilan transport vositasini olib qochish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.