Surxondaryoda 32 yoshli yigitni kaltaklab, uning o‘limiga sabab bo‘lgan 5 kishi 4 yildan 9 yilgacha qamaldi
Surxondaryo viloyati Denov tumanida mulkiy nizo sabab 32 yoshli yigitni bir guruh bo‘lib do‘pposlagan besh nafar shaxs sudlandi. Jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan. Sud ularga 4 yildan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Surxondaryoda 32 yoshli yigitni kaltaklab, uning o‘limiga sabab bo‘lgan 5 kishi 4 yildan 9 yilgacha qamaldi
Surxondaryo viloyati Denov tumanida mulkiy nizo sabab 32 yoshli yigitni bir guruh bo‘lib kaltaklab, uning vafotiga olib kelgan besh nafar shaxsga nisbatan sud hukmi chiqarildi. Ularga 4 yildan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudida ko‘rib chiqilgan ish hujjatlariga ko‘ra, hodisa 27-aprel kuni yuz bergan. 37 yoshli fuqaro o‘ziga tanish bo‘lgan yana to‘rt kishi bilan birga Lacetti va Nexia avtomashinalarida avtomobil yuvish shoxobchasiga kelgan. Ular oldindan davom etib kelayotgan mulkiy nizo yuzasidan tanishi bilan hisob-kitob qilmoqchi bo‘lgan.
Guruh a’zolari tanishini uning otasi ko‘z o‘ngida qo‘l va oyoqlari bilan tanasining turli joylariga urib, do‘pposlagan. So‘ng uni majburan Lacetti avtomashinasiga o‘tqazib, Uzun tumani hududiga olib ketgan. U yerda ham unga nisbatan zo‘ravonlik davom ettirilgan.
Keyin jabrlanuvchi Denov tumani tibbiyot birlashmasining shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga tashlab ketilgan. Shifokorlar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, u 28-aprel kuni vafot etgan.
Shuningdek, sudlanuvchilardan birining yashash xonadonida 28-aprel kuni o‘tkazilgan tintuvda kiyim cho‘ntaklaridan marixuana qoldiqlari, shuningdek, to‘rtta gugurt qutisi ichida marixuana va opiy qoldiqlari topilgan.
Sud O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasi (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shib, sudlanuvchilardan biriga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Qolgan sudlanuvchilardan biri 8 yil 6 oy, yana biri 8 yil 10 oy, ikki nafari esa 4 yildan ozodlikdan mahrum qilingan.
Viloyat IIB voqea pul oldi-berdisi tufayli yuzaga kelgan nizo ortidan sodir bo‘lganini bildirgan. 28-aprel kuni og‘ir tan jarohatlari olgan 30 yoshli yigit vafot etgani xabar qilingan. Shundan so‘ng holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “k”, “ye” bandlari (Bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik oqibatida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, to‘rt kishi qamoqqa olingan edi.

