Mahalliy

Jizzaxda AES loyihasini nazorat qilish uchun xalqaro kompaniya bilan qo‘shma korxona tashkil etiladi

Jizzaxda AES loyihasini nazorat qilish uchun xalqaro kompaniya bilan qo‘shma korxona tuziladi

O‘zbekistondagi birinchi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi loyihasini boshqarish va texnik nazoratni kuchaytirish maqsadida yetakchi xorijiy injiniring kompaniyalari ishtirokida qo‘shma korxona tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Taklifga muvofiq, qo‘shma korxona loyiha boshqaruvini takomillashtirish, texnik nazoratni kuchaytirish hamda texnologik yechimlarning mustaqil ekspertizasini ta’minlaydi. Unda loyiha hujjatlari, uskunalarning asosiy qismlari va qurilish ishlari natijalarini mustaqil baholash nazarda tutilgan. Ayni paytda qo‘shma korxona ishtirokchilari tarkibi va uni tashkil etish muddatlari ishlab chiqilmoqda.

AES qurilishi faol bosqichga o‘tgan. 4-iyundan boshlab birinchi energoblok poydevor plitasini betonlash ishlari olib borilmoqda va hozirgacha 916 kub metr beton quyilgan. Qurilish-montaj bazasi va poydevor ishlari belgilangan jadval asosida davom etmoqda.

Loyiha Xalqaro atom energiyasi agentligining (XAEA) “Milestones Approach” yondashuvi hamda xavfsizlik, himoya va kafolatlarni o‘z ichiga olgan “3S” konsepsiyasiga muvofiq amalga oshirilmoqda. 22–26-iyun kunlari XAEAning INIR Follow-up ekspert missiyasi o‘tkazilib, unda 16 ta vazirlik va idoradan 41 nafar rahbar va mutaxassis qatnashgan. Missiya yakunlariga ko‘ra, 2021-yilgi missiya tavsiyalarining aksariyati bajarilgani qayd etilgan.

Loyihada mahalliylashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirda mahalliy korxonalar tomonidan qurilish materiallari, metall konstruksiyalar, kabel mahsulotlari va boshqa butlovchi qismlarni yetkazib berish imkoniyatlari o‘rganilgan. Mahalliylashtirish salohiyati 21 foizgacha baholanmoqda. Uni 30 foizdan oshirish maqsadida Forish tumanida, stansiyadan 25 kilometr masofada, 200 gektarlik ixtisoslashtirilgan sanoat zonasini tashkil etish taklif qilingan. Unda 15 ta yo‘nalishda mahsulot ishlab chiqarish va yig‘ish, shuningdek, 2 mingtagacha yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda.

AES tashqi infratuzilmasi doirasida 388 kilometr elektr tarmoqlari, 110 kilovoltli podstansiya, 21 kilometr ichimlik suvi va 120 kilometr texnik suv ta’minoti tarmoqlari, 39,5 kilometr avtomobil yo‘li hamda 11 kilometr temiryo‘l qurilishi ko‘zda tutilgan. Tashqi infratuzilma obyektlarida mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushini 60–70 foizga yetkazish vazifasi belgilangan.

Stansiya bilan birga 33 ming aholiga mo‘ljallangan atomchilar shaharchasi ham barpo etiladi. Unda qariyb 10 mingta xonadon, jumladan, birinchi bosqichda 3 mingta xonadon, shuningdek, maktablar, maktabgacha ta’lim, tibbiyot, sport va madaniyat obyektlari tashkil etiladi.

Qurilish avjiga chiqqan davrda maydonda 10 mingdan ortiq ishchi va mutaxassis mehnat qilishi, ularning 65–70 foizini mahalliy kadrlar tashkil etishi kutilmoqda. Shu sababli bo‘lajak operatorlar, muhandislar va radiatsiya xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashni hozirdan jadallashtirish vazifasi qo‘yilgan.

Hisobotda “O‘zatom” agentligi va AES qurilishi direksiyasining tashkiliy hamda kadrlar salohiyatini bosqichma-bosqich kuchaytirish, qariyb mingta tarmoq standartini milliy tizimga moslashtirish va joriy etish bo‘yicha choralar ham belgilangan.

2026-yil oxirigacha loyiha hujjatlarini yakunlash, tashqi tarmoqlar qurilishini boshlash, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish hamda buyurtmachi va ekspluatatsiya xodimlarini tayyorlashni jadallashtirish rejalashtirilgan. 2027-yilda esa VVER katta bloklari bo‘yicha litsenziya hujjatlarini ishlab chiqish, stansiyaning umumiy binolarini loyihalash va uzoq ishlab chiqarish sikliga ega uskunalarga buyurtmalarni joylashtirish ko‘zda tutilgan.

Qurilish davrida ishchi va mutaxassislar hamda ularning oilalari uchun 200 gektar maydonda qariyb 33 ming aholiga mo‘ljallangan atomchilar shaharchasi barpo etish rejalashtirilmoqda. Shaharchada qariyb 10 mingta xonadon, jumladan, birinchi bosqichda 3 mingta xonadon qurilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, tibbiyot, sport va madaniyat obyektlari, dam olish maskanlari hamda yashil hududlar tashkil etiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.