Mahalliy

Mustaqillikning 35 yilligida 35 nafar jurnalistdan 35 ta «Mahorat maktabi»

Mashg‘ulotlar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshiriladi

Mustaqillikning 35 yilligida 35 nafar jurnalistdan 35 ta «Mahorat maktabi»

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mamlakat hududlarida yosh jurnalistlarning kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan yangi tashabbus yo‘lga qo‘yilmoqda.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan respublika bo‘ylab 35 nafar tajribali va taniqli jurnalist rahbarligida «Mahorat maktabi» o‘z faoliyatini boshladi.

Loyiha doirasidagi 20 ta «Mahorat maktabi» Uyushmaning hududiy bo‘limlari tomonidan muvofiqlashtiriladi. Qolgan 15 ta maktab esa poytaxtda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi markaziy apparati qoshida faoliyat yuritadi. Toshkent shahrida ustoz jurnalistlarning mahorat darslari O‘zbekiston Milliy matbuot markazi, Kontent markazi hamda turli tahririyatlarda tashkil etiladi.

Mashg‘ulotlarda zamonaviy jurnalistikaning eng muhim yo‘nalishlari qamrab olinadi. Xususan, internet jurnalistikasi, bosma matbuot, televideniye, radio, huquqiy jurnalistika, sport jurnalistikasi va fotojurnalistika bo‘yicha amaliy saboqlar o‘tkaziladi.

Loyihaning asosiy maqsadi jurnalistika sohasiga kirib kelayotgan yoshlarga tajribali ustozlar sabog‘ini yetkazish, ularning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash va zamonaviy media muhitida samarali ishlashga tayyorlashdan iborat. «Mahorat maktablari»ga jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, shuningdek, jurnalistika sohasiga qiziquvchi yoshlar jalb etiladi.

Ta’lim jarayonining nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmasligiga alohida e’tibor qaratiladi. Ishtirokchilar jurnalistning kundalik faoliyatida zarur bo‘ladigan amaliy ko‘nikmalarni bevosita soha ustalaridan o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mashg‘ulotlar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshiriladi.

«Mahorat maktabi» tashabbusi nafaqat yosh jurnalistlar uchun bilim va tajriba maydoni, balki avlodlar o‘rtasidagi kasbiy muloqotni kuchaytirishga xizmat qiladigan muhim jurnalistik platforma sifatida ahamiyatlidir.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.