Jizzaxda 9,8 tonna foydali qazilmani noqonuniy qazib olgan shaxs 2,5 yilga qamaldi
G‘allaorol tumanida yashovchi 2001-yilda tug‘ilgan fuqaro Morguzar tog‘ tizmasidan ruxsatsiz qazib olgan foydali qazilmalarni o‘z uyida saqlab kelgan. Sud uni aybdor deb topdi.

Jizzaxda 9,8 tonna foydali qazilmani noqonuniy qazib olgan shaxs 2,5 yilga qamaldi
Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida 9,8 tonna foydali qazilmani noqonuniy qazib olgan 25 yoshli yigit 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, G‘allaorol tumanining G‘ubdun qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi 2001-yilda tug‘ilgan fuqaro 2026-yil aprel oyida Uzunbuloq qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi Morguzar tog‘ tizmasidan 9 840 kilogramm foydali qazilmani ruxsatsiz qazib olgan.
U qazib olingan foydali qazilmalarni o‘z yashash xonadonida saqlab kelgan. Mazkur ish G‘allaorol tuman sudining ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan. Sud sudlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari hamda jinoyat ishi bo‘yicha to‘plangan dalillarni o‘rgangan.
Sud qaroriga ko‘ra, fuqaro Jinoyat kodeksining 196-1-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanilib, 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Mahkum jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan. U sud zalining o‘zida qamoqqa olingan.
Inspeksiya ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida G‘allaorol tumanidagi Marjonbuloq oltin boyitish korxonasi hududida foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish va o‘g‘irlash bilan bog‘liq holatlar qayd etilgan. Ayrim fuqarolar javobgarlikka tortilgan. Hozirda viloyat va tuman ichki ishlar organlari tomonidan bunday huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
7-iyul kuni to‘rt nafar fuqaro “Angidon” mahallasidagi Quvray qishlog‘i tog‘ hududiga oltin qazib olish uchun borgan. Ulardan uch nafari noqonuniy qazilgan chuqurlikka tushib ketgan. Bir nafari mahalliy fuqarolar, qolgan ikki nafari esa FVV qutqaruvchilari tomonidan chiqarib olingan edi.

