Mahalliy

Jizzaxda kelinga tarakan dorisi yedirilib, hojatxona suvini ichishga majburlandi

Jizzaxda besh oylik chaqalogʻi bor kelin qaynonasi va qaynopalari tomonidan bir necha oy davomida qiynoqqa solingani aytilmoqda. Ayol ogʻir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan, IIV esa Jinoyat kodeksining 109 va 110-moddalari bilan ish qoʻzgʻatgan. Ammo jabrlanuvchining otasi bundan bexabar.

Jizzaxda kelin tarakan dorisi yedirilib, hojatxona suvini ichishga majburlangani aytilmoqda. Jizzaxlik ayol 2025-yil oktabrda turmushga chiqqan va uning besh oylik qizi bor. 2026-yil may oyida eri qamalib qoladi. Shundan so‘ng ayol qaynonasi va qaynopasi bilan birga erini ko‘rish uchun boradi. Uchrashuvda kelin eriga oila a’zolari tomonidan bosim o‘tkazilayotgani, uning nomiga tilla buyumlar nasiyaga olinib, garovga qo‘yilganini aytadi. 30-iyun kuni qamoqxonadan qaytishda qaynopalari kelinning pasporti, telefoni va farzandining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini olib qo‘yadi. 6-iyul kuni qaynonasi va qaynopasi ijaraga xonadon olib, kelinni o‘sha yerda tutqunlikda saqlay boshlaydi. Bu unga eriga kredit va tilla bilan bog‘liq holatlarni aytgani uchun «jazo» edi. Ayol ovqat va suvdan cheklanadi, unga bir kunda bir burda non berishadi.

Tarakan dorisi yedirilib, hojatxona suvi ichirilgan

«Ular ayolni muntazam ravishda kaltaklashar, bo‘g‘ishar, boshini devorga urib, qorni va bachadoniga tepishardi. Qaynopalardan biri kelinini doimiy ravishda qo‘riqlab turar, unga xonasidan chiqishga ruxsat bermasdi. Kelinni vaqti-vaqti bilan kaltaklashar, ba’zan bu ishlarni videoga olishardi va uni hamda oilasini o‘ldirish bilan qo‘rqitishardi. Ruhiy kasalliklar shifoxonasidan ma’lumotnoma olganliklarini va ularga hech kim hech narda qilolmasligini iddao qilishardi.

Zo‘rlik bilan ushlab turilganida kelinga bir bo‘lak non berishardi va kuniga bir marta hojatxonaga chiqishga ruxsat berilardi. Ular tarakan dori yeyishga va hojatxona suvini ichishga majbur qilishardi. 27-avgust kuni Ruxshona ismli qaynopasi uni kaltaklab, barcha kiyimlarini yirtib, zargarlik buyumlarini buzib tashlab, ularni axlatga tashlashga majbur qilgan. Kameraga tushib qolmaslik uchun uni liftdan emas, zinapoyadan tushishga majbur qilgan», deyiladi xabarda.

29-avgust kuni qaynopa kelib kelinga «ustingga qaynoq suv quysam, kuyasanmi?» deb savol bergan. Ayol «ha» deb javob berganidan bir necha daqiqa o‘tib, uning ustiga qaynoq suv quygan. Keyin qaynoq suvga tuz va soda qo‘shib yana ayolni kuydirgan.

6-sentabr kuni ayol xonadondan chiqib ketish imkonini topgan. U uchinchi qavatdan yong‘in zinapoyasi orqali tushib, ko‘chadagi odamlardan taksi chaqirishda yordam so‘ragan va otasiga qo‘ng‘iroq qilgan. Ular birgalikda shifoxonaga borgan. Ayol og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Ammo unga nisbatan sud-tibbiy ekspertiza shifoxonadan chiqqanidan keyin o‘tkazilishini aytishgan. IIVning Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshqarmasi holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 109- va 110-moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan. Ammo kelinning otasi bundan bexabar, hozirga qadar u bilan hech kim bog‘lanmaganini aytgan. U qiziga nisbatan zo‘ravonlik qilganlar qonun doirasida eng og‘ir jazoga tortilishini talab qilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.