“Gap qaytarganiga chiday olmadim”. Jizzaxda xotinini urgan erkak 7 sutkaga qamaldi

Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida xotinini urib, unga yengil tan jarohati yetkazgan erkak 7 sutkaga qamaldi. Bu haqda “Daryo” nashri sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1996-yilda tug‘ilgan G‘.X. ismli shaxs joriy yilning 3-avgust kuni o‘z uyida turmush o‘rtog‘i bilan tortishib qolgan. Janjal paytida u ayolini urib, unga yengil tan jarohati yetkazgan. Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, ayolning sog‘lig‘iga zarar yetkazmagan yengil tan jarohati aniqlangan.
Sud majlisida erkak aybiga to‘liq iqror bo‘lib, xotini gap qaytarganiga chiday olmay uni urganini, keyinchalik undan kechirim so‘raganini bildirgan. Shuningdek, u turmush o‘rtog‘ini yaxshi ko‘rishini, ajrashish niyati yo‘qligini va qilgan ishidan pushaymonligini, bunday holat boshqa takrorlanmasligini ta’kidlagan.
Ayol esa er-xotin o‘rtasida avval ham ko‘p marta janjallar bo‘lganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, har safar janjaldan keyin eri uni kechirim so‘rab olib kelmagan, aksincha, o‘zi yana erining oldiga qaytgan.
“Men o‘zim turmush o‘rtog‘im bilan birga yashashni xohlayman, biroq yana bu janjallar davom etishidan qo‘rqaman. Chunki uni kechirib, yana yashay boshlaganimizda ham o‘zaro janjallar davom etdi. Uni endi kechirolmayman, qonuniy jazo berishlaringni so‘rayman”, deya ko‘rsatma bergan ayol.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tumani sudi G‘.X.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 59-2-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) 2-qismi bilan aybdor deb topib, unga 7 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan.
Avvalroq Toshkentda sobiq turmush o‘rtog‘ining qo‘lini tishlagan ayol 2 million 60 ming so‘m jarimaga tortilgani, erkakka esa 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangani haqida xabar berilgan edi.

