Dunyo

Jenshen, chinni va koreyscha kechki taom. Janubiy Koreya Mirziyoyevni qanday kutib oldi

Jenshen, chinni va koreyscha kechki taom. Janubiy Koreya Mirziyoyevni qanday kutib oldi

Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon mamlakatga davlat tashrifi bilan kelgan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uchun bir nechta maxsus sovgʻalar va dastur elementlarini tayyorladi. Ular orasida Prezident uchun qizil koreys jensheni va birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva uchun kumush bilan ishlangan oq chinni buyum bor.

SBS News xabariga koʻra, qizil jenshen oʻzbek yetakchisiga sogʻliq va farovonlik tilash ramzi sifatida tanlangan. Ziroat Mirziyoyeva uchun esa Koreyaning anʼanaviy estetikasini aks ettiruvchi, kumush elementlar bilan bezatilgan oq chinni buyum tayyorlandi.

Davlat tashrifi doirasida Seulda bir qator ramziy ehtirom belgilari ham tayyorlandi. Lotte World Tower binosi fasadida Janubiy Koreya va Oʻzbekiston bayroqlari joylashtirildi. Seuldagi hukumat majmuasining elektron tablosida koreys va oʻzbek tillarida qutlov xabarlari paydo boʻldi.

Rasmiy kutib olish marosimiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Prezident Mirziyoyevga anʼanaviy faxriy qorovul va harbiy orkestrning 70 ga yaqin aʼzosi hamrohlik qildi. Yoʻnalish boʻylab yana 280 ga yaqin harbiy xizmatchi, jumladan, qurolli kuchlarning uchta turi faxriy qorovuli vakillari saf tortdi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Prezidentini kutib olish uchun 30 nafar boladan iborat delegatsiya chiqdi, ularning oʻn nafari oʻzbekistonlik bolalar edi.

Davlat qabuli uchun koreys tomoni anʼanaviy taomlar va mahsulotlardan iborat menyu tayyorladi. Shu tariqa tashkilotchilar pazandachilik orqali ikki mamlakatning madaniy yaqinligini taʼkidladilar.

Kechki taom anor sousi solingan omar va dengiz taroqchalaridan tayyorlangan sovuq salat bilan boshlandi. Soʻngra mehmonlarga shirin qovoq va xurmo qoʻshilgan tarakjuk — anʼanaviy sutli boʻtqa tortildi.

Asosiy taomlar sifatida "neobiani" uslubida ziravorlar solingan koreys xanu sigiri lahm goʻshti va marinadlangan qoʻzichoq qovurgʻalari tortildi. Shuningdek, menyudan Ichxoncha guruch va dakgomtan — anʼanaviy koreys tovuq shoʻrvasi joy oldi.

Desertga mevalar va Sanju quritilgan xurmosi qoʻshilgan krem-bryule tortildi. Bunga qoʻshimcha sifatida uch turdagi ichimlik, jumladan, "Punchjon Sagye Chun" anʼanaviy koreys ichimligi taqdim etildi.

Davlat qabuli Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga tashrifi dasturining bir qismi boʻldi, u yerda "Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi" biznes-sammiti doirasida tomonlar siyosiy, iqtisodiy va gumanitar aloqalarni rivojlantirishni muhokama qilmoqdalar.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.