Dunyo

Jenshen, tennis raketkasi va servis: Janubiy Koreya rahbari Markaziy Osiyo prezidentlariga qanday sovg‘alar berdi?

Jenshen, tennis raketkasi va servis: Janubiy Koreya rahbari Markaziy Osiyo prezidentlariga qanday sovg‘alar berdi?

Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myong 14–16-sentyabr kunlari Seulda Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari bilan uchrashib, ularga turli do‘stona sovg‘alar topshirdi.

Mintaqa yetakchilari 16–17-sentyabr kunlari o‘tkaziladigan birinchi Janubiy Koreya—Markaziy Osiyo sammitida qatnashadi. Sammit arafasida mezbon davlat rahbari xorijlik hamkasblari bilan alohida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Dastlabki uchrashuv 14-sentyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tdi va davlat rahbariga qizil jenshen mahsulotlari sovg‘a qilindi.

“Yetakchi Li prezident Mirziyoyevga mustahkam salomatlik va farovonlik tilab, Janubiy Koreyaning premium salomatlik mahsuloti bo‘lgan qizil jenshenni taqdim etdi”, deyiladi Janubiy Koreya prezidenti devoni bayonotida.

Birinchi xonim Ziroat Mirziyoyevaga esa uning kolleksion va antikvar keramikaga bo‘lgan qiziqishi inobatga olinib, an’anaviy koreys estetikasi aks etgan, kumush bilan ishlangan oq chinni choy servisi va unga mos patnis hadya etildi.

Bundan tashqari, Janubiy Koreya prezidenti devoni Mirziyoyevning davlat tashrifi dasturiga O‘zbekiston madaniyatini aks ettiruvchi, Janubiy Koreyaning mehmondo‘stligi hamda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni namoyish etuvchi hurmat-ehtirom tadbirlarini kiritgan. Mehmondo‘stlik ramzi sifatida Lotte World Tower binosida Janubiy Koreya va O‘zbekiston bayroqlari ko‘rsatilgan. Shuningdek, Seul hukumat majmuasi tashqarisidagi displeyda koreys va o‘zbek tillarida qutlov xabarlari aks etgan.

Ikki davlatning turli sohalaridan 50 nafarga yaqin vakil qatnashgan davlat ziyofatida esa O‘zbekiston prezidenti uchun har ikki mamlakatning taomlanish madaniyati va masalliqlari uyg‘unligi hisobga olingan holda koreys milliy taomlari tortilgan. Menyuda dengiz mahsulotlaridan tayyorlangan salatlar, go‘sht (Xanvu moli va marinadlangan qo‘y qovurg‘asi) hamda Icheon guruchidan tayyorlangan asosiy taomlar bo‘lgan. Desert sifatida xurmodan tayyorlangan shirinliklar va an’anaviy ichimliklar taqdim etilgan.

Janubiy Koreya prezidenti 15-sentyabr kuni Turkmaniston va Qozog‘iston rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazgan. Ot sportiga qiziqadigan prezident Serdar Berdimuhamedovga Koguryo davridagi Muyunchxon maqbarasidagi mashhur ov sahnasi aks ettirilgan, an’anaviy chilbo usulida ishlangan ramkali san’at asari sovg‘a qilingan.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning sevimli sport turi stol tennisi ekani va kelasi yili Qozog‘iston taekvondo bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilishini inobatga olib, prezident Li unga ikki davlat bayroqlari va To‘qayevning ismi tushirilgan premium stol tennisi raketkalari hamda taekvondo formasini bergan. Raketka an’anaviy koreys hanji qog‘ozidan yasalgan maxsus g‘ilofga joylangan. Formada esa ikki davlat bayroqlari va Qozog‘istonning taniqli ramzlaridan biri bo‘lgan qor qoploni tasviri bor.

16-sentyabr kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuvda unga sovg‘a sifatida ismi o‘yib yozilgan Koreyaning Gold Five premium brendiga mansub golf patteri topshirilgan. Sovg‘ani tanlashda 2026-yil iyul oyida Qirg‘izistonda ilk xalqaro standartdagi golf maydoni ochilgani hisobga olingan. Shuningdek, Janubiy Koreya rahbari Sadir Japarovga ham O‘zbekiston prezidenti kabi mustahkam salomatlik tilab, qizil jenshen sovg‘a qilgan.

Birinchi xonim Oygul Japarovaga esa an’anaviy koreys torli cholg‘u asbobi shaklidagi dekorativ buyum topshirilgan. Prezident ma’muriyatining tushuntirishicha, tanlovda Qirg‘izistonning xorijiy yetakchilarga milliy musiqa asboblarini taqdim etish an’anasi hisobga olingan.

Li Je Myong Markaziy Osiyoning madaniy xususiyatlarini hisobga olib, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon uchun ham maxsus sovg‘a tayyorlagan. Biroq sovg‘a o‘ramida nima borligi oshkor etilmagan, chunki Tojikiston tomoni o‘zaro almashilgan sovg‘alar mazmunini matbuotga ma’lum qilmaslikni so‘ragan. Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari janubiy koreyalik hamkasbiga javoban aynan qanday sovg‘alar bergani haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.