Dunyo

Janubiy Koreya prezidentining pasport ma’lumotlari internetga sizdirildi

Prezident rafiqasi va ma’muriyat xodimlarining shaxsiy ma’lumotlari ham pulli resursga joylashtirildi. TIV holat yuzasidan tekshiruv boshladi.

Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myongning pasportiga oid ma’lumotlar internetga sizdirildi. Uning iyun oyida Yevropaga qilgan safari bilan bog‘liq shaxsiy ma’lumotlar internetda paydo bo‘ldi, shundan so‘ng Tashqi ishlar vazirligi holat yuzasidan tekshiruv boshladi.

Ayni paytda prezident, uning rafiqasi va ma’lumotlari oshkor bo‘lgan boshqa rasmiy shaxslar uchun yangi pasportlar rasmiylashtirish choralari ko‘rilmoqda. Li Je Myongning iyun oyida Yevropaga qilgan safarida qatnashgan 168 kishining shaxsiy ma’lumotlari jamlangan fayl pulli internet resursga joylashtirilgan. Ular orasida prezidentning o‘zi, rafiqasi Kim Xe Gyon, prezident ma’muriyati, Tashqi ishlar vazirligi va qo‘riqlash xizmati xodimlari, shuningdek, jurnalistlar ham bor.

Faylda shaxslarning koreys va ingliz tillaridagi ism-sharifi, lavozimi, tug‘ilgan sanasi, pasport raqami va hujjatlarning amal qilish muddati ko‘rsatilgan. Taxminlarga ko‘ra, ma’lumotlar 2-iyun kuni, ya’ni prezidentning Belgiya, Italiya va Fransiyaga safaridan taxminan bir hafta oldin internetga joylashtirilgan.

Prezident ma’muriyati bu holatdan xabardor ekanini va tegishli choralar ko‘rilganini ma’lum qildi. Tashqi ishlar vazirligi esa hodisa tafsilotlarini aniqlash uchun tekshiruv boshladi. Tekshiruv davomida ma’lumotlar himoyalangan tizimlardan qanday qilib chiqib ketgani aniqlanishi kerak. Bunda xodimlarning ehtimoliy xatti-harakatlari, ma’lumotlarni saqlash qoidalarining buzilishi yoki tashqi aralashuv ehtimoli ham ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, vazirlik prezidentning safari bilan bog‘liq ma’lumotlar qayta sizib chiqishining oldini olish uchun safarni tashkil etishda foydalanilgan kompyuter va elektron pochta hisoblarini texnik tekshiruvdan o‘tkazmoqda. Ma’lumotlarni saytdan olib tashlash va ularning yana tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari ham ko‘rilgan.

KBS telekanali internetda ushbu ma’lumotlarni aniqlaganidan so‘ng, prezident ma’muriyatini xabardor qilganini bildirdi. Hozircha ma’lumotlarning boshqa manbalarda ham tarqalganiga dalillar mavjud emas.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.