Isroilda parlament saylovlari boşlandi: Netanyahu lavozimini saqlab qoladimi?
27-oktabr kuni Isroilda tarixidagi eng muhim va keskin parlament saylovlari boşlandi. Saylovçilar 120 örindan iborat Knessetning yangi tarkibini aniqlaş uçun ovoz bermoqda.

Isroilda parlament saylovlari boshlandi: Netanyahu lavozimini saqlab qoladimi?
Isroil Markaziy saylov komissiyasi bergan maʼlumotga ko‘ra, 7,3 million saylovchining 31,5 foizi soat 12:00 ga qadar ovoz bergan — bu 1970-yillardan beri shu vaqtdagi eng yuqori ko‘rsatkich. Uchastkalar mahalliy vaqt bilan 22:00 da (Toshkent vaqti bilan 01:00 da) yopilgach, ekzit-poll natijalari eʼlon qilinadi, to‘liq natijalar esa 29-oktabrda kutilmoqda.
Isroil tarixida hech bir partiya 61 o‘rinlik ko‘pchilikni yolg‘iz qo‘lga kiritmagan, shu sababli asosiy kurash bloklar o‘rtasida kechmoqda.
Uch yirik telekanalning 23-oktabrdagi so‘nggi so‘rovlarida bosh vazir Binyamin Netanyahu boshchiligidagi koalitsiya 50, muxolifat bloki esa 52–56 o‘rin olgan. Arab partiyalarining 14–16 o‘rni bu hisobga kirmaydi: ikki blokning aksariyat yetakchilari ular bilan ittifoqni rad etgan. Faqat Netanyahuga yaqin 14-kanal so‘rovi hukmron koalitsiyaga ko‘pchilik bergan. Hech kim hukumat tuza olmasa, 2027-yil boshida yangi saylov bo‘ladi, unga qadar Netanyahu vaqtinchalik bosh vazir bo‘lib qoladi.
Ko‘pchilik bu saylovni Netanyahuga beriladigan baho deb bilmoqda. Jami 19 yil hukumatni boshqargan Netanyahu — Isroilning eng uzoq ishlagan bosh vaziri. U korrupsiya ayblovlari bo‘yicha sudda javob bermoqda, biroq ayblovlarni rad etadi.
Netanyahu kampaniyasini xavfsizlik mavzusiga qurdi. U Eronga qarshi urushni AQSh prezidenti Donald Tramp bilan birga faqat o‘zi boshqara olishini aytgan. Shuningdek, u agar raqiblari g‘alaba qozonsa, Falastin davlati tuzilishidan ogohlantirmoqda. Tramp ham 18 va 25-oktabr kunlari Netanyahuni ochiq qo‘llab-quvvatlab, «Biz boshlagan ishni oxiriga yetkazishimiz kerak!» deb yozdi.
Netanyahuning asosiy raqibi — armiya Bosh shtabining sobiq boshlig‘i, «Yashar» partiyasi rahbari Gadi Ayzenkot. Uch yirik telekanal so‘rovlarida «Yashar» 22–23 o‘rin bilan «Likud»dan (19–21) oldinda.
Ayzenkot 7-oktabrdagi xatolarni tekshirish uchun davlat tergov komissiyasi tuzish va ultra-ortodokslarni ham harbiy xizmatga chaqirishni vaʼda qilmoqda. Muxolifat blokiga sobiq bosh vazir Naftali Bennetning «Birga» ittifoqi va yana ikki partiya ham kiradi. Biroq blok yagona nomzodni rasman eʼlon qilmagan.

