Dunyo

Isroilda saylov yaqin: hukumat oʻzgarishi mumkin

27-oktabr kuni Isroilda parlament saylovlari boʻlib oʻtadi. Bu 7-oktabr voqealaridan keyingi ilk saylov. Netanyahu har qancha taʼsirli nutq soʻzlab yurmasin, uni yaqqol favorit deb boʻlmaydi. Amaldagi hukumatga muxolif kayfiyatdagilar orasida Netanyahuni saylovda yengishni uddalagan nomzodlar ham bor.

Isroilda saylov yaqinlashmoqda: hukumat almashishi ehtimoli bor

Netanyahu uchun ish oson kechmaydi

Soʻrovlar Netanyahu partiyasiga ozgina ustunlik berayotganini koʻrsatmoqda. Bu esa Isroil jamiyati bir ovozdan Netanyahu va uning urush kampaniyasini qoʻllab-quvvatlayotgani yoʻqligini anglatadi. Muxolifatning asosiy eʼtirozi shuki, Netanyahu hukumati HAMASning 7-oktabrdagi hujumini oʻtkazib yuborgan. Ularning fikricha, Netanyahu bu dahshatli hujumning oldini olish, dastlabki daqiqalarda toʻgʻri choralar koʻrish va aybdorlarni jazolash oʻrniga, voqeani siyosiylashtirib, uni oʻz manfaatlari yoʻlida ishlatgan. Ular HAMAS hujumining oldini ololmagani uchun amaldagi hukumat jazolanishi kerak, deb hisoblaydi.

Netanyahuning asosiy raqibi — «Yashar» partiyasi yetakchisi Gadi Eisenkot. Bu general bir vaqtlar Isroil armiyasida shtab boshligʻi boʻlgan. Netanyahu targʻibot videolarida asosan aynan uni tanqid qilishga urgʻu bermoqda. Bundan general saylovda bosh vazirning asosiy raqibiga aylanishi koʻrinib turibdi.

Eisenkot ilgari hududda ikki xalq uchun ikki davlat tuzilishini qoʻllab-quvvatlagan, biroq HAMASning 7-oktabrdagi hujumidan keyin bu masala endi muhokama mavzusi emasligini aytgan edi. Yaʼni, HAMAS hujumi uning Falastin davlati tuzilishi kerakligi haqidagi qarashini oʻzgartirgan. General saylovda gʻalaba qozonsa, Gʻazoda HAMAS boshqaruviga chek qoʻyish va Isroilning xalqaro obroʻsini tiklashga vaʼda bermoqda.

Qaysi partiyaga ovoz berish borasidagi soʻrovlarda Netanyahu partiyasi kichik farq bilan oldinda, «Kim bosh vazir boʻlishga munosib?» degan soʻrovda esa general Eisenkot Netanyahuni ancha katta farq bilan ortda qoldirgan. Biroq bu saylov natijalari aynan shunday boʻlishini anglatmaydi. Isroildagi saylov tizimi butunlay boshqacha: bu yerda bir partiya yaqqol ustunlik bilan gʻalaba qozona olmaydi, jamiyat nihoyatda rang-barang, shu sabab koalitsiya tuzmasdan parlamentni nazorat qilishning iloji yoʻq.

Eisenkot fonida Netanyahu juda radikal koʻrinadi. Masalan, Eisenkot Isroildagi arablarni eʼtibordan chetda qoldirmaslik kerakligini aytadi. Chunki mamlakat aholisining 20 foizini arablar tashkil etadi. Netanyahu va uning tarafdorlari esa arablarni ochiqchasiga boʻlmasa ham, radikal va terrorga moyil deb biladi. Buni ularning bayonotlari va harakatlaridan anglash qiyin emas.

Netanyahu Falastin yerlarida tinimsiz yahudiy manzilgohlari qurishni oʻylab, oʻnlab yillar davomida bu ishni amalga oshirib kelgan. Eisenkot esa Falastin yerlarida yahudiylar uchun uylar qurish vaziyatni faqat yanada yomonlashtiradi, deb hisoblaydi. Netanyahu doim urush haqida gapirib, Isroilni toʻliq militarizatsiyalashgan, Eron, Livan, Suriya va umuman atrofdagi hamma bilan urushadigan armiyaga aylantirishni istaydi. Eisenkot esa azaldan uzoq muddatli tinchlik tarafdori boʻlib kelgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.