Isroil Britaniyaga Sharqiy Quddusdagi konsulligini 30 kun ichida yopishni buyurdi

Isroil Buyuk Britaniyaga Sharqiy Quddusdagi konsulligini 30 kun ichida yopishni topshirdi
Isroil hukumati Buyuk Britaniyani Sharqiy Quddusdagi konsulligini 30 kun ichida yopishga majbur qildi.
Mazkur konsullik Britaniyaning Quddus, bosib olingan G‘arbiy Sohil va G‘azo sektoridagi Falastin masalalari bo‘yicha vakolatxonasi hisoblanadi. Bu qaror Buyuk Britaniya hamda yana 11 davlat Isroil aholi punktlari bilan savdoni taqiqlab, sanksiyalar joriy etganiga javoban qabul qilindi.
Britaniya tashqi ishlar vaziri Ed Miliband Isroilning bu qaroridan afsusdaligini, biroq bunga hayron emasligini aytdi. U Isroil hukumatini ko‘chmanchi yahudiylarning falastinliklarga qarshi zo‘ravonligiga ko‘z yumayotganlikda aybladi.
Xabarda aytilishicha, javob chorasi sifatida quyidagi cheklovlar kuchga kiradi: konsullikda ishlayotgan britaniyalik diplomatlar 30 kundan so‘ng diplomatik maqomidan mahrum bo‘ladi.
AQSH boshchiligidagi muvofiqlashtirish missiyasida faoliyat yuritayotgan britaniyalik mutaxassislar va Ramallohdagi diplomatlar 7 kun ichida mamlakatni tark etishi lozim.
Britaniyaga bosib olingan G‘arbiy Sohilda Falastin xavfsizlik kuchlarini tayyorlash ham taqiqlanadi.
12 nafar britaniyalik deputat va boshqa fuqarolar, jumladan Leyboristlar partiyasining sobiq rahbari Jeremi Korbinning Isroilga kirishi man etiladi.
Isroil tashqi ishlar vaziri Gidon Saar Britaniyaning sanksiyalarini “axloqsizlik” va mamlakat ichki ishlariga aralashuv deb baholadi. U, shuningdek, muxolifatdagi Konservativ partiya rahbari Kemi Beydenokka Britaniya hukumatining qarorini tanqid qilgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Britaniya va Fransiya boshchiligida 12 ta davlat tomonidan joriy etilgan sanksiyalar bosib olingan G‘arbiy Sohildagi Isroil aholi punktlaridan mahsulot importini taqiqlaydi. Bundan tashqari, qurilish, infratuzilma, moliyalashtirish va ko‘chmas mulk sohasida xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarga ham cheklovlar qo‘yilgan.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio esa Vashington bosib olingan G‘arbiy Sohilda vaziyatning beqarorlashishini istamasligini aytdi, biroq sanksiyalar yuzasidan aniq munosabat bildirmadi. Isroil hukumati yaqin kunlarda Britaniyaning cheklovlariga qo‘shilgan boshqa mamlakatlarga nisbatan ham javob choralarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

