Isroil vaziri G‘azoda har tunda 30-40 kishini o‘ldirishga chaqirdi

Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir G‘azoda har kecha 30-40 kishini o‘ldirishga chaqirdi, deya xabar berdi Financial Times.
Ben-Gvir bu fikrlarni 2023-yil 7-oktyabrda HAMAS tomonidan garovga olingan va keyinchalik ozod etilgan Rom Braslavski olib boradigan podkastda bildirdi. U Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning G‘azodagi harbiy operatsiyalarni yaqinda qisqartirganiga qarshi chiqdi.
"Menimcha, biz har kecha 30 dan 40 gacha maqsadli suiqasdlarni amalga oshirishimiz kerak. Faqat bevosita xavf tug‘diradiganlarni emas. U yerda yashashga noloyiq odamlar bor... Ular odam ham emas", dedi Ben-Gvir.
U Falastin hududida yahudiy aholi punktlarini qayta tiklashga chaqirib, "butun G‘azo" Isroilga tegishli bo‘lishini nazarda tutayotganini aytdi. Shuningdek, falastinliklarni "ko‘chirish" fikrlarini takrorladi.
"Men nafaqat Gush-Katifda, balki butun Gʻazo boʻylab aholi punktlari qurillishini va emigratsiya ragʻbatlantirilishini tasavvur qilyapman, qancha koʻp boʻlsa, shuncha yaxshi. Terrorchilar uchun esa hech qanday emigratsiya boʻlmasligi kerak. Biz ularni shunchaki birma-bir oʻldirishimiz zarur", dedi u.
Isroil rasmiylariga ko‘ra, HAMASning 7-oktyabrdagi hujumida 1 200 kishi halok bo‘lgan va 250 dan ortiq odam garovga olinib, G‘azoga olib ketilgan. Isroilning javob hujumlarida esa G‘azoda 73 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi, anklavda gumanitar falokat yuzaga kelgan. 2025-yil oktabrida o‘t ochishni to‘xtatish kuchga kirganidan beri esa 1 200 kishi jon berdi.
Ma’lumot o‘rnida, Isroilda 2023-yil 7-oktyabrdagi hujumlarda ishtirok etganlarni sud qilish uchun harbiy tribunal tashkil etiladi. Mart oyida Knesset agar hujum "Isroil davlatining mavjudligini inkor etish" maqsadida sodir etilsa, terrorchilar uchun o‘lim jazosini qo‘llashga ruxsat beruvchi qonunni qabul qilgandi. Qonun tanqidchilariga ko‘ra, bu amalda o‘lim jazosi faqat falastinliklarga nisbatan qo‘llanishini anglatadi. Rasman o‘lim jazosi Isroil tarixida faqat ikki marta qo‘llangan: 1948-yilda kapitan Meir Tuvianskiyga nisbatan (keyinchalik oqlangan) va 1962-yilda natsist Adolf Eyxmanga nisbatan.

