AQSH qo‘shinlari 30-sentyabrgacha Iroqdan to‘liq chiqib ketadi

AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya 30-sentyabrga qadar Iroq hududidan o‘z qo‘shinlarini to‘liq olib chiqib ketadi. Bu haqda Iroq bosh vaziri Ali al-Zaydiyga tayanib Al Jazeera xabar berdi.
Zaydiyning ta’kidlashicha, belgilangan muddat “qat’iy va yakuniy” hisoblanadi. Uning bu bayonoti AQSH Markaziy qo‘mondonligi rahbari general Bred Kuper bilan uchrashuvdan so‘ng yangradi. AQSH boshchiligidagi kuchlar 2003-yilda Iroqqa bostirib kirgan va mamlakatning sobiq rahbari Saddam Husayn hukumatini ag‘dargan edi. 2011-yil dekabrida so‘nggi jangovar qo‘shinlar Iroqdan olib chiqib ketilgan.
Biroq, 2014-yilda ISHIDning kuchayishi va Iroq hamda Suriyaning katta hududlarini egallab olishi Iroq hukumatining iltimosiga binoan AQSH kuchlarining qaytishiga sabab bo‘lgan. ISHID o‘zi da’vo qilgan hududlar ustidan nazoratni yo‘qotgach, 2021-yilda koalitsiyaning harbiy operatsiyalari yakunlangan edi.
Iroq bosh vaziri idorasi bayonotida aytilishicha, 1-oktyabr Iroq davlatchiligi yo‘lida yangi kun bo‘ladi, chunki Iroq har qanday xorijiy harbiy ishtirokdan xoli bo‘ladi.
Ushbu muddat al-Zaydiyning iyul oyi o‘rtalarida Vashingtonga qilgan tashrifi chogʻida belgilangan. Uchrashuvda tomonlar suverenitetni o‘zaro hurmat qilishini, iqtisodiy va xavfsizlik sohasida hamkorlikka o‘tishini ta’kidlagan.
AQSH rasmiysi 30-sentyabrgacha qo‘shinlarni olib ketish kutilayotganini aytdi. Biroq u Iroqda qancha qo‘shin qolishi va ular qayerga joylashtirilishi haqida ma’lumot berishdan bosh tortdi.
AQSH qo‘shinlari 2024-yil Iroqning aksariyat hududlaridagi bazalarni tark etgan, biroq yarim muxtor shimoliy Kurdiston mintaqasida o‘z ishtirokini saqlab qolgan. AQSH va Isroil 28-fevral kuni Eronga qarshi urush boshlaganidan beri u yerdagi harbiy bazalar muntazam ravishda hujumga uchrab kelmoqda.
Hozirda AQSH Iroqda 2500 nafarga yaqin askarga ega. AQSH harbiy qismlari asosan uchta harbiy bazada mustahkam o‘rnashgan: ularning biri Bag‘dodda, ikkinchisi g‘arbiy Anbar viloyatida va yana biri shimoliy Kurdiston mintaqasida joylashgan.

