Islom Maxachev UFC’dagi faoliyati davomida qancha mablag‘ ishlab topgan?

Islom Maxachevning UFC faoliyatidagi daromadlari qancha?
Dog‘istonlik aralash yakkakurash jangchisi Islom Maxachev 15-avgust, shanba kuni irlandiyalik Yan Gerrini mag‘lub etib, UFC yarim o‘rta vazn toifasidagi chempionlik kamarini muvaffaqiyatli himoya qildi. Bu 34 yoshli sportchi uchun ushbu vazn toifasidagi ikkinchi jang bo‘lib, u kamarni Jek Della Maddalenaga qarshi bahsda qo‘lga kiritgan edi.
Maxachev UFC tarixida ikki vazn toifasida chempion bo‘lgan birinchi rossiyalik jangchi sifatida qayd etildi. Ushbu g‘alaba bilan u yana bir muhim natijaga erishdi: ketma-ket 17 ta jangda g‘alaba qozonib, afsonaviy Anderson Silvaning 16 ta jangdan iborat ko‘p yillik rekordini yangiladi. Xo‘sh, bu tarixiy yutuqlar ortidan sportchi qancha mablag‘ ishlab topdi?
**Faoliyat davomidagi umumiy daromad**
Give Me Sport va Marca nashrlarining tahlillariga ko‘ra, Islom Maxachevning faoliyati davomida ishlab topgan umumiy daromadi taxminan 17,5 million dollarni tashkil etadi. Barcha to‘lovlar, gonorarlar va pullik translyatsiyalardan (PPV) tushgan bonuslarni hisobga olganda, u bugungi kunda UFC tarixidagi eng ko‘p daromad topgan 10 ta jangchi qatoriga kiradi. Bu ro‘yxatda Konor Makgregor 39,3 million dollar bilan peshqadamlik qilmoqda. 2025-yil holatiga ko‘ra, Maxachevning sof boyligi 5-7 million dollar atrofida baholanmoqda.
Maxachevning daromadlari, ayniqsa, so‘nggi yillarda, chempionlik maqomiga erishgach sezilarli darajada oshdi. Sporty Salaries nashrining xabar berishicha, Yan Gerri bilan bo‘lgan so‘nggi jang uchun uning kafolatlangan gonorari 1 million dollarni tashkil etgan. PPV foizlari va bonuslar hisobiga bu summa 3 million dollardan oshadi.
Bundan oldin, u yarim o‘rta vaznda Jek Della Maddalenaga qarshi kechgan bahsda 3,32 million dollar ishlab topgan (800 ming dollar kafolatlangan, 2,5 million dollar PPV va 32 ming dollar homiylik pullari).
Uning faoliyatidagi eng yirik gonorar 2025-yil yanvar oyida qo‘lga kiritilgan. O‘shanda u jarohat olgan Arman Sarukyanning o‘rniga oktagonga chiqqan braziliyalik Renato Moykanoni mag‘lub etib, 3,64 million dollar daromad ko‘rgan.
**14 ming dollardan chempionlikkacha**
Albatta, rossiyalik sportchi darhol bunday yirik gonorarlar olishni boshlamagan. U UFC’dagi debyutini 2015-yilda amerikalik Leo Kunsga qarshi o‘tkazib, 24 ming dollar olgan. Tashkilotdagi ikkinchi jangida esa eng kam gonorarini (14 ming dollar) olgan. Aynan shu jangda Islom Adrianu Martinsdan nokautga uchrab, faoliyatidagi ilk va hozirgacha yagona bo‘lgan mag‘lubiyatini qabul qilib olgan.
Maxachev o‘z faoliyatida ilk bor 200 ming dollardan ortiq gonorarni 2021-yilda Den Hukerga qarshi bahsda (211 ming dollar) qo‘lga kiritgan. Keyinchalik Bobbi Gringa qarshi jangda ham xuddi shuncha miqdorda daromad ko‘rgan.
Islomning daromadlari yengil vaznda Charlz Oliveyrani mag‘lub etib, chempion bo‘lganidan so‘ng keskin oshib ketdi. Ushbu g‘alaba unga qariyb 530 ming dollar keltirgan. Keyinchalik Maxachev Aleksandr Volkanovskiga qarshi ikkita jang orqali jami 4 million dollar, Dastin Porye bilan to‘qnashuvdan esa 1,8 million dollar ishlab topishga muvaffaq bo‘lgan.

