Irkutskdagi koloniyada 61 nafar o‘zbekistonlik jazo o‘tamoqda
Koloniyada yurak va buyrak kasalliklaridan aziyat chekayotgan ikki nafar o‘zbekistonlikka zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish

Irkutskdagi koloniyada 61 nafar o‘zbekistonlik jazo o‘tamoqda
O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsuli Aslam Akbarov Irkutsk viloyatidagi 19-sonli jazoni ijro etish koloniyasida saqlanayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu muassasada Rossiya Jinoyat kodeksining turli moddalari bo‘yicha sudlangan 61 nafar O‘zbekiston fuqarosi jazo muddatini o‘tamoqda.
Uchrashuv chog‘ida diplomat vatandoshlar bilan alohida-alohida suhbatlashib, ularning shikoyat va murojaatlarini tingladi, takliflarini o‘rgandi hamda savollariga javob berdi.
Tashrif davomida ayrim muammolarni joyida hal qilish bo‘yicha ham choralar ko‘rildi. Xususan, yurak va buyrak kasalliklaridan aziyat chekayotgan ikki nafar fuqaroga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish masalasi hal etildi.
Bosh konsul vatandoshlarga ularning huquq va manfaatlari davlat himoyasida ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Bosh konsulxona zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish, jumladan, yuridik maslahat berish va advokat xizmatlaridan foydalanishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

