Buryatiyadagi koloniyada 66 nafar oʻzbekistonlik jazo oʻtamoqda
Oʻzbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Buryatiya Respublikasining Ulan-Ude shahridagi 8-sonli axloq tuzatish koloniyasida jazo oʻtayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi. Tashrif davomida ikki fuqaroga zudlik bilan tibbiy yordam koʻrsatish choralari belgilandi, yana bir vatandoshning Oʻzbekistonga qaytish sertifikati masalasi hal etildi.

Buryatiyadagi koloniyada 66 nafar oʻzbekistonlik jazo oʻtamoqda
«Dunyo» axborot agentligi maʼlumotiga koʻra, ushbu muassasada hozirda 66 nafar Oʻzbekiston fuqarosi jazo muddatini oʻtamoqda.
Bosh konsul vatandoshlar bilan alohida suhbatlashib, ularning murojaatlari va iltimoslarini tingladi. Huquqbuzarliklar xususiyatiga doir maʼlumotlar oʻrganilib, tegishli tavsiyalar berildi.
Murojaatlar asosida yurak va umurtqa pogʻonasi kasalliklaridan aziyat chekayotgan ikki nafar fuqaroga zudlik bilan tibbiy yordam koʻrsatish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, muassasa rahbariyati bilan oʻzbekistonliklar uchun musulmon qonun-qoidalariga muvofiq ovqatlanishni yoʻlga qoʻyish masalasi muhokama qilindi.
Bir oydan soʻng koloniyadan ozod etilishi kutilayotgan vatandoshga Oʻzbekistonga qaytish sertifikatini berish masalasi ham tezkor hal etildi.
Uchrashuvda diplomatik vakolatxona fuqarolar sodir etgan huquqbuzarliklarning xususiyatidan qatʼi nazar, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishi taʼkidlandi. Vatandoshlarga bundan keyin ham zarur konsullik-huquqiy va yuridik yordam koʻrsatishga tayyorlik bildirildi.
Diplomatik vakolatxona vakillarining jazoni oʻtash joylariga navbatdagi tashrifi oktabr oyida Irkutskda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

