Rossiyadagi oʻzbekistonliklarga hujjat va vatanga qaytish chiptalari berildi
Rossiyaning Novosibirsk viloyatida ogʻir moliyaviy ahvolga tushib, vatanga qaytishga muhtoj boʻlgan olti nafar Oʻzbekiston fuqarosiga konsullik yordami koʻrsatildi. Ularga zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, Oʻzbekistonga qaytish uchun chiptalar berildi.

Rossiyadagi oʻzbekistonliklarga hujjatlar va vatanga qaytish uchun chiptalar topshirildi
Oʻzbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligi vakolatxonasi mahalliy korxonalarda ishlayotgan Oʻzbekiston fuqarolari bilan sayyor uchrashuvlar tashkil etdi.
Diplomatlar non mahsulotlari ishlab chiqaruvchi «Sibpekar», meva-sabzavot mahsulotlarini qadoqlash va sotish bilan shugʻullanuvchi «Xiloks tovar bazasi» hamda metall quyishga ixtisoslashgan SIBELEKTROTERM korxonalarida mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan muloqot qildi.
Fuqarolarga konsullik-huquqiy yordam yuzasidan maslahatlar berildi. Shuningdek, ularga koll-markazlar haqidagi maʼlumotlar va diplomatik vakolatxonalar manzillari yozilgan materiallar tarqatildi.
Suhbatlarda ish haqining oʻz vaqtida toʻlanishi masalasiga ham alohida urgʻu berildi. Oʻzbekiston fuqarolariga ish haqi asossiz ravishda kechiktirilgan taqdirda, muammoni tezkor hal etish uchun Migratsiya agentligining Novosibirskdagi vakolatxonasiga murojaat qilish mumkinligi tushuntirildi.
Uchrashuvlar davomida ogʻir moliyaviy qiyinchilikka tushib qolgan va Oʻzbekistonga qaytishga muhtoj boʻlgan olti nafar fuqaroga, jumladan, voyaga yetmagan bolalarga amaliy yordam koʻrsatildi. Ular uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, vatanga qaytish chiptalari berildi.
Bosh konsulxona Novosibirsk viloyatidagi Oʻzbekiston fuqarolariga hujjatlarni rasmiylashtirishda, shuningdek, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda koʻmak berishda davom etishini maʼlum qildi.

