Inflyatsiya pasayayotgan bölsa-da, nega asosiy stavka özgarmadi? - Markaziy bank izoh berdi
Inflyatsiya pasayib borayotganiga qaramay, Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qoldi. Regulyator tariflar oşişining ikkilamçi taʼsiri va inflyatsion kutilmalarni hisobga olib, qatʼiy pul-kredit siyosatini davom ettirişga qaror qilgan. MB raisi örinbosari Nodirbek Oçilovga köra, boşqaruv yiğilişida stavkani 13,5 foizgaça tuşiriş imkoniyati ham muhokama qilingan.

Inflyatsiya pasayayotgan bo‘lsa-da, nega asosiy stavka o‘zgarmadi? — Markaziy bank izoh berdi
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgartirmasdan qoldirdi. 4-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida regulyator raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov inflyatsiya pasayib borayotganiga qaramay, stavkani tushirishga hali yetarlicha asos shakllanmaganini ta’kidlab o‘tdi, deya xabar berdi Kun.uz muxbiri.
Ochilovning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank hisob-kitoblarida tariflar oshishining inflyatsiyaga dastlabki ta’siri qisqa muddatli va nisbatan past bo‘lishi kutilmoqda. Shu sababli asosiy stavkani oshirish masalasi kun tartibiga qo‘yilmagan. Biroq tariflar o‘zgarishining keyingi bosqichlarda inflyatsiyaga ta’siri ham hisobga olingan. Markaziy bank boshqaruvi ikkilamchi ta’sirlarning oldini olish va inflyatsion bosimni jilovlash uchun qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirishni maqsadga muvofiq deb hisoblagan.
Regulyator raisi o‘rinbosari stavkani 13,5 foizgacha tushirish imkoniyati ham muhokama qilinganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, inflyatsion kutilmalar, bazaviy inflyatsiya va valyuta bozoridagi ijobiy tendensiyalar stavkani pasaytirish uchun muayyan sharoitlarni yuzaga keltirmoqda.
«Bu asoslar yanada kuchayib, bizda ko‘proq ishonch hosil qilsa, keyingi yig‘ilish kun tartibiga stavkani pasaytirish masalasi kiritilishi ehtimoli bor», - dedi Ochilov.
Shuningdek, Markaziy bank raisi o‘rinbosari amaldagi prognozlarda asosiy stavkani oshirish zaruratini ko‘rsatuvchi omillar mavjud emasligini bildirdi. Regulyator bahosiga ko‘ra, hozirgi 14 foizlik stavka inflyatsion xatarlarni jilovlash uchun yetarli. Tariflar o‘zgarishining inflyatsiyaga ta’siri esa qisqa muddatli va yuqori bo‘lmagan darajada bo‘lishi kutilmoqda.

