Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qoldi
Yillik inflyatsiya 6,4 foiz bölib turgan, inflyatsion kutilmalar esa pasayişda davom etayotgan bölsa-da, Markaziy bank nazdida yuqori içki talab va jahon bozorlaridagi narxlar özgaruvçanligi inflyatsion xatarlarni kuçaytirmoqda.

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qoldi
O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 4-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi.
Mazkur stavka 2025-yil mart oyidan beri o‘zgarmay kelmoqda.
“Inflyatsion kutilmalar pasayib borayotgan va inflyatsiya darajasi nisbatan barqarorlashgan bo‘lsa-da, ichki talabning yuqoriligi hamda tashqi iqtisodiy sharoitlar o‘zgarishi bilan bog‘liq inflyatsion xatarlarning saqlanib qolayotganligi qatʼiy pul-kredit sharoitlarini davom ettirishni taqozo etmoqda”, – deyiladi regulyator izohida.
Sentabr oyida umumiy inflyatsiya yillik 6,4 foizni tashkil etib, avgust oyiga nisbatan biroz tezlashdi. Bunga meva-sabzavotlar, yoqilg‘ilar va ayrim xizmatlar narxlarining oshishi taʼsir ko‘rsatdi. Xizmatlar inflyatsiyasi yillik hisobda 7 foizgacha tezlashdi. Bazaviy inflyatsiya o‘zgarishsiz 5,5 foiz darajasida shakllandi.
So‘nggi oylarda inflyatsiya dinamikasida taklif omillarining taʼsiri kuchayib bormoqda. Shu bilan birga, yillik narxlari o‘sishi 5 foizdan yuqori bo‘lgan tovar va xizmatlar ulushining biroz ortishi inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Bunday sharoitda pul-kredit siyosati taklif omillari taʼsirida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ikkilamchi inflyatsion taʼsirlarni cheklashga qaratilgan bo‘lib qoladi.
Aholi va tadbirkorlik subektlarining inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etdi. Xususan, sentabr oyida aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari 8,7 foizni, tadbirkorlik subektlarining kutilmalari esa 9,2 foizni tashkil etdi.
Jahon bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining yuqori o‘zgaruvchanligi va energiya resurslari narxlari bilan bog‘liq xatarlar tashqi inflyatsion bosimni kuchaytirmoqda. Ushbu omillarning import narxlari, ishlab chiqarish va transport xarajatlari orqali ichki narxlarga taʼsiri inflyatsiyaning pasayish jarayonini sekinlashtirishi mumkin.
Iqtisodiyotda yuqori faollik davom etib, 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida iqtisodiy o‘sish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,3 foizni tashkil etdi. Bunda sanoat, qurilish va xizmatlar sohalari o‘sishning asosiy drayveri bo‘ldi.

