Hisobot: Rossiya tanqidchilarini xorijda ham taʼqib qilmoqda
BMTning Rossiyadagi inson huquqlari vaziyati boʻyicha maxsus maʼruzachisi Mariana Katsarova Moskva xorijdagi tanqidchilarni kuzatish, qoʻrqitish va jazolash, shuningdek, ularning Rossiyadagi oilalariga bosim oʻtkazish tizimini yaratganini bildirdi. Hisobot qariyb 400 ta hujjatlashtirilgan holatga asoslangan.

**Hisobot: Rossiya tanqidchilarini xorijda ham taʼqib qilmoqda**
Rossiya xorijdagi tanqidchilarini kuzatish, qoʻrqitish va jazolash, shuningdek, ularning mamlakatda qolgan oila aʼzolariga bosim oʻtkazishga qaratilgan davlat tizimini shakllantirgan. Bu xulosa BMTning Rossiyadagi inson huquqlari vaziyati boʻyicha maxsus maʼruzachisi Mariana Katsarovaning hisobotida bayon etilgan.
Hujjat 21-sentabr kuni BMT Inson huquqlari kengashiga taqdim etildi.
Katsarovaning aytishicha, Rossiya xorijdagi tanqidchilarga bosim oʻtkazishda «transmilliy repressiyalar» tizimidan foydalanmoqda. Maxsus maʼruzachi bu tizimni mamlakat ichidagi davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan repressiyalar tizimining davomi sifatida baholadi.
«Rossiyani tark etish Rossiya repressiyalarini ortda qoldirishni anglatmaydi», - dedi u.
Hisobot qariyb 400 ta hujjatlashtirilgan taʼqib holatiga tayangan. Unda qotillik, qotillikka urinish, hujum va zaharlash kabi maqsadli zoʻravonlik hamda hayotga tahdidlar repressiyalarning eng ogʻir shakllari sifatida qayd etilgan.
Hujjatga koʻra, Rossiya soʻnggi oʻn yilda qayd etilgan bevosita jismoniy hujumlarning 70 foizdan ortigʻi hissasiga toʻgʻri kelgan oʻn davlat orasida uchinchi oʻrinni egallaydi.
Katsarova bunday harakatlar uchun javobgarlikka tortish holatlari deyarli yoʻqligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, koʻp hollarda surishtiruv oʻtkazilmaydi, Rossiya rasmiylari oʻz aloqadorligini inkor etadi, ayrim gumon qilingan ijrochilar esa ragʻbatlantiriladi yoki mukofotlanadi.
Maxsus maʼruzachi hisob-kitobiga koʻra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng koʻlamli urushi boshlangan 2022-yildan keyin mamlakatni 650 mingdan 900 ming nafargacha kishi tark etgan.
Hujjatlashtirilgan transmilliy repressiya holatlari 2022-yilgacha boʻlgan sakkiz yilda 29 ta boʻlgan boʻlsa, keyingi uch yilda 89 taga yetgan.
Shu bilan birga, sirtdan chiqarilgan hukmlar soni 2022-yildagi toʻrttadan 2025-yilda 157 tagacha oshgan.
Hisobotda transmilliy repressiyalarga Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining kamida toʻqqizta boʻlinmasi, harbiy va tashqi razvedka, prokuratura organlari hamda davlat vazirliklari jalb qilingani daʼvo qilingan.
Katsarovaga koʻra, 2022-yildan keyin repressiyalarning koʻlamidan koʻra ularni amalga oshirish usullari koʻproq oʻzgargan. Hozir hibsga olish orderlari, maʼlumotlar bazalari, bank va raqamli tizimlar, jamoatchilik ishtirokiga qarshi strategik daʼvolar hamda vositachilardan foydalanilmoqda.

