Dunyo

Rossiya Ukraina bilan urushda 16 mingdan ortiq tinch aholini hibsga oldi — BMT

BMT maʼlumotlariga koʻra, Rossiya Ukraina bilan urushda 16 mingdan ziyod tinch aholini hibsga olgan va ular hozirgacha ozodlikdan mahrum. Ularning aksariyati tashqi dunyo bilan aloqasiz va xalqaro huquqqa zid ravishda ushlab turilibdi. Bu haqda AP News xabar berdi.

BMT bosh kotibining inson huquqlari boʻyicha oʻrinbosari Klaudiya Fuentes Hulio Rossiya tomonidan ukrainalik tinch aholi va harbiy asirlarga nisbatan keng koʻlamli va tizimli qiynoqlar, shafqatsiz munosabat, jumladan, jinsiy zoʻravonlik davom etayotganini taʼkidladi.

U bu maʼlumotni 10-avgust kuni Latviya va Buyuk Britaniya tashabbusi bilan chaqirilgan BMT Xavfsizlik kengashining norasmiy yigʻilishida eʼlon qildi. Yigʻilish 2022-yil fevral oyida Rossiya boshlagan urushda qoʻlga olingan tinch aholi va harbiylarning ogʻir ahvoliga bagʻishlandi. Rossiya doimiy aʼzo boʻlgan kengash ushbu guvohliklarni tingladi.

BMT inson huquqlari xodimlari urush boshlanganidan beri ozod etilgan 910 nafar ukrainalik harbiy asir va 403 nafar tinch aholi vakillari bilan suhbatlashgan. Xalqaro tashkilot Rossiyadagi hibsxonalarga tashrif buyura olmagan. Hisoblab chiqilgan raqamda necha kishi kattalar yoki bolalar ekani koʻrsatilmagan.

BMT rasmiysining soʻzlariga koʻra, ukrainalik harbiy asirlarning 95 foizdan ortigʻi va ushlangan tinch aholining 85 foizi qiynoqqa solingani yoki shafqatsiz munosabatga uchraganini bildirgan. Shuningdek, ular jinsiy tazyiqlar va insoniy boʻlmagan sharoitlar, jumladan, ovqat bermaslik va tibbiy yordam koʻrsatmaslik haqida gapirgan.

Jenevadagi inson huquqlari idorasi 129 nafar ukrainalik harbiy asir asirlikning boshida qatl etilganini va 48 nafar harbiy asir qiynoqlar hamda tibbiy yordam koʻrsatmaslik oqibatida vafot etganini hujjatlashtirgan.

Xavfsizlik kengashida qrim-tatarlik inson huquqlari faoli Leniye Umerova va ukrainalik askar Xuan Leyva Garsiya soʻzga chiqdi. Umerova deyarli ikki yil rossiyaliklarning siyosiy mahbusi boʻlganini aytdi. Garsiya esa 2022-yil may oyida taslim boʻlgunga qadar Mariupoldagi Azovstal zavodida oylab qarshilik koʻrsatgan yuzlab askarlardan biri edi.

Mariupolda ukrain onasi va kubalik otasidan tugʻilgan Garsiya harbiy asir sifatida 1183 kun oʻtkazdi. U ozod etilganda ogʻirligi 55 kilogramm boʻlganini aytib, ozib ketgan tanasining suratini kengashga koʻrsatdi.

Uning taʼkidlashicha, rossiyaliklar uni kubalik kelib chiqishi sababli xorijiy yollanma askar deb oʻylagan, shuningdek, AQSHda oʻqigani uchun amerikalik aygʻoqchi deb gumon qilib, boshqa mahbuslarga qaraganda qattiqroq kaltaklagan va tahqirlagan.

“Rossiyaliklar Kuba bilan aloqador shaxs ularga qarshi urishayotganidan gʻazabda edi”, dedi hozir ham Ukraina qurolli kuchlarida xizmat qilayotgan Garsiya.

Uning aytishicha, rossiyaliklar mahbuslarni sovuqda qoldirish, kaltaklash, elektroshok bilan qiynash va jinsiy zoʻravonlik orqali ruhiy tomondan sindirishga hamda soxta jinoyatlarni boʻyniga olishga majburlagan.

“Donetsk viloyatidagi hibsxonalarda ikkita doʻstim kaltaklab oʻldirildi. Yana ikki doʻstim esa qamoqxona sharoitlari sabab vafot etdi va jasadlari plastik xaltalarda vatanga qaytarildi”, dedi Garsiya.

**BMT Rossiya mahbuslari ham zoʻravonlik haqida maʼlum qilganini aytdi**

BMT inson huquqlari boʻyicha mutaxassislari, shuningdek, Rossiya qurolli kuchlari tarkibida boʻlgan 816 nafar rossiyalik va 45 dan ortiq mamlakatdan kelgan 57 nafar uchinchi davlat fuqarolari boʻlgan harbiy asirlar bilan ham suhbatlashgan.

Hulioning aytishicha, ularning yarmi asirlikning dastlabki bosqichlarida ukrainaliklar tomonidan qiynoqqa solingani va shafqatsiz muomalaga uchraganini bildirgan. Ammo BMT kuzatuvchilarining taʼkidlashicha, ular Ukraina hibsxonalariga olib kelingach, sharoitlar umuman olganda xalqaro gumanitar huquqqa mos kelgan va 2022-yildan beri yaxshilangan.

Rossiyaning BMTdagi elchisi oʻrinbosari Mariya Zabolotskaya kengashga Rossiya qurolli kuchlari xalqaro gumanitar huquqqa amal qilayotganini aytdi. U Ukrainadagi rossiyalik mahbuslar qiynoqlar hamda maʼnaviy va jismoniy tazyiqlarga duch kelayotganini bildirdi. Avvalroq Rossiyada urushga yollangan mahbus ayollardan jinsiy xizmatlar talab qilingani haqida xabar berilgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.